Allamjonovga suiqasd uyushtirganlardan biri qo‘lga olindi

3-sahifa

image

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirganlardan biri ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning bir nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olingan.

Voqea qanday ro‘y bergan edi?

26 oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Ma’lumot uchun, Komil Allamjonov  1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion ko‘rsatuvida boshlagan.

Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.

2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimni tark etdi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi bo‘ldi. 2022 yil iyulda esa Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 2023 yil avgust oyida esa u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va 2024 yil sentyabrgacha ishladi.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing