Allamjonov yana maydon markazida. U TikTok'ga o‘zbek tilini kiritmoqchi
Jamiyat
−
15 dekabr 2021
5412O‘zbekiston va TikTok ko‘ngilochar tarmog‘i o‘rtasida hamkorlik boshlandi. Hatto, TikTok ma’muriyati dasturga o‘zbek tilini ham kiritishi kutilmoqda. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali xabar berdi.
Allamjonovning qayd etishicha, “TikTok — zararli bo‘lsa uni foydali resursga aylantirish lozim. Shu va bunga o‘xshash kompaniyalar faoliyatini cheklash emas, balki ular bilan yaqindan muloqot, hamkorlik o‘rnatgan holda ishlash hamma uchun ko‘proq manfaatli va to‘g‘riroq bo‘ladi o‘ylayman”
U bugun, 15 dekabr kuni TikTok kompaniyasining vitse-prezidenti doktor Teo Bertram va kompaniyaning mas’ul xodimlari bilan juda samarali onlayn uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qilgan.
“Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildik. TikTok vakillariga tarmoqning ichki normalari va ayrim tartib-qoidalarini ko‘rib chiqish, uni O‘zbekiston qadriyatlari, urf-odatlar va mentalitetimizga moslash bo‘yicha takliflar berdim. Ular tomonidan bu taklif albatta inobatga olinishi, bu borada hamkorlik, shu bilan birga o‘zbek tilini ham kiritishga tayyor ekanliklari ma’lum qilindi”, deb yozadi Allamjonov.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov mamlakatdagi kam sonli ijtimoiy tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlovchi Hukumatga yaqin shaxslardan biri. Aynan uning davrida Mirziyoyevning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi ochilib, faol ishlay boshlagan.
LiveBarchasi