Allamjonov Saida Mirziyoyevani Gulnora Karimova bilan taqqoslashlariga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning ayrim xatti-harakatlari, loyihalari, kiygan libosi, tushgan suratlari, hatto, uyida lag‘mon cho‘zayotgani Birinchi Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, sobiq Fond Forum Vasiylik Kengashi raisi, ayni vaqtda qamoqdagi Gulnora Karimovaga tenglashtirilayotganiga Mirziyoyeva va uning atrofidagilar qanday munosabat bildiradi. Ushbu savolga Komil Allamjonov BBC’ga bergan intervyusida javob qaytardi.

“Bilasizmi, biz bunaqa tanqidlarga juda ko‘p duch kelamiz. Endi Gulnora Karimovaning ham qilmagan ishi qolmagan ekan-da. Nima ish qilsak, albatta, Gulnora Karimova o‘tib ketgan, iz qoldirib ketgan bo‘ladi. Gulnora Karimova bu ishlarni qildi yo qilgan ekan, deb yangi loyihalar, yangi g‘oyalar paydo bo‘lsa, o‘zimizni tiymaymiz. U davr o‘zini davri edi, bu davr o‘zini davri. U paytdagi xatolar bizga ko‘proq bu yo‘lda xato qilishimizga yoki ularning qilgan xatolarini bizga ko‘rgazma, aslida. Biz shu xatolarni qilsak yoki shu loyihalarni shu xatolar bilan qilsak, qanday oqibatga olib kelishini ko‘rganmiz. Bu bizga saboq. Lekin yo‘limizni qaytarishga yoki biror yaxshi, chiroyli jamiyat va odamlar uchun foydali bo‘lgan loyihalar chiqqanda, “voy. Shuni bir paytlar Gulnora Karimova qilgan ekan”, deb to‘xtamaymiz”, deydi Komil Allamjonov. 

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonovning BBC’ga bergan intervyusi aynan Gulnora Karimovaning tug‘ilgan kuni arafasida e’lon qilindi. Gap shundaki, bugun, 8 iyul kuni Gulnora Karimova 49 yoshni qarshiladi va u hibsda. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Komil Allamjonov Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

557

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing