Allamjonov blogerlar o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyatga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
01 iyul 2019
4786O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov ikki bloger o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.
Allamjonov ikki bloger o‘rtasidag ziddiyat ortidan yuzaga kelgan holat so‘z erkinligiga aloqador emasligini ta’kidladi.
“Ikki bloger o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Nozim Safari va Sardor Komilov o‘rtasida. Tushunishim bo‘yicha, Sardor Komilovning maqolasiga Nozim Safari haqoratli munosabat bildirgan.
Keyin Sardor Komilov uning ustidan Yunusobod tumani IIBga shikoyat yozib bergan. U yerda nima gaplar bo‘lganidan, kim o‘zini qanaqa tutganidan xabarimiz yo‘q. Lekin u yerdan chiqqanidan keyin Nozim Safari hissiyotlarga berilib, ijtimoiy tarmoqdagi o‘quvchilari e’tiboriga juda qattiq gaplar yozgan. Unga boshqa blogerlar qo‘shilgan: “Mana, so‘z erkinligi deyishuvdi”, “Hamasi yolg‘on, hammasi ertak”, “Bizni ROVDga chaqirishdi, u yerda bizga qo‘pol munosabatda bo‘lishdi”, “Allamjonov, biz sizga ishongandik”, “Ertaklar tugadi” degan juda og‘ir gaplar yangradi.
Ertasi kuni bular bir-biri bilan yarashib oldi. Lekin gapirilgan gap otilgan o‘q bo‘lib, odamlar o‘qidi, odamlar fikrlarini yozdi, bahslar-munozaralar bo‘ldi. Agentligimiz va prezidentimiz, rahbariyatimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati, umuman davlatning bu yo‘nalishdagi siyosatini shubha ostida qoldirishga sabab bo‘luvchi holat bo‘ldi.
Shuning uchun men o‘rtoq blogerlardan iltimos qilmoqchi edim. His-tuyg‘ularga berilib, bunday shoshma-shosharlik bilan butun boshli davlatning, agentlikning ishlarini yerga urishni bas qilishni so‘rayman. Chunki bu bizga nisbatan hurmatsizlik deb bilamiz.
Har qanaqa islohot birdaniga bo‘ladigan jarayonmas. Biz so‘z erkinligini ta’minlaymiz, jurnalistlarni, blogerlarni qo‘llaymiz deganmiz. Agarda biror davlat tashkilotida jurnalistga nisbatan qo‘pol gapirish yoki unga nisbatan tazyiq o‘tkazilishi holati kuzatilsa, bu butun davlat siyosati yolg‘on degani emas. Bunday holatlar uchun qonunda tegishli choralar bor. Masalaga xolislik bilan baho berishingizni iltimos qilamiz.
So‘z erkinligi - bu birovni haqorat qilish kerak, uni sharmanda qilish mumkin degani emas. Bloger bo‘ladimi, jurnalist bo‘ladimi, oddiy fuqaro bo‘ladimi barcha uchun qonun teng bo‘lishi kerak. Erkin gapirishingiz mumkin, lekin gapingizga javobgarlik mas’uliyati bo‘lishi shart.
Biz mana shu pozitsiyada qat’iy turamiz. Bu islohotlar - orqaga qaytadigan islohotlar emas. Ochiqlik siyosati - prezidentimizning siyosiy irodasi. Agentlik jurnalistlarni va blogerlarni himoya qilishga va’da berdimi, shu va’dani bajaradi. Lekin blogerlar o‘z faoliyatidan tashqaridagi masala yuzasidan ko‘chada kim bilandir janjallashsa, ularning ustidan kimdir shikoyat yozsa, biz u bloger ekan deb o‘rtaga tushmaymiz. Bu noto‘g‘ri bo‘ladi.
Shu fursatdan foydalanib, barcha blogerlarni, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarni og‘irroq, bosig‘roq bo‘lishga chaqirib qolaman”, degan Komil Allamjonov.