Allamjonov 25 yil davomida tanqid qilgan yoki haqiqatni gapirganlarning ovozi o‘chirilganini aytdi

Jamiyat

image

Avvalroq, bugun, 11 oktyabr kuni Samarqandda YeXHTning Vena shahridagi ishtirokchi davlatlar doimiy vakillari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari ishtirokida “O‘zbekistonda OAV erkinligi masalalari” mavzusida xalqaro davra stoli bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov ham ishtirok etib, nutq so‘zladi. Quyida Allamjonovning nutqi videosi va matni bilan tanishishingiz mumkin.

“Avvalambor, Samarqandga, bizning ko‘hna zaminimizga xush kelibsiz. Vena shahrida kelishganimizdek, bugun sizlar bilan yana bir bor ko‘rishib turibmiz. O‘zbekistonga kuni kecha boshlangan tashrifingiz o‘ylaymanki, samarali bo‘lib o‘tmoqda va sermazmun tashkil qilindi. 

Siz tashrifingiz doirasida O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, gender tengligini ta’minlash borasidagi ishlarimiz bilan yaqindan tanishdingiz. Ruxsat bersangiz, bugun sizlar bilan O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi tadbirlarimiz, maxsus yo‘l xaritasi va uning doirasida amalga oshirgan ishlarimiz, umuman bu sohaga bo‘lgan qarashlarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.

Kuni kecha YouTube kanali orqali 1991 yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston parlamenti sessiyasida deputatlarimizning nutqlari, ularning fuqarolik pozitsiyalarini ko‘rib qoldim. Ishonasizmi-yo‘qmi, men bu videotasvirda so‘z erkinligining haqiqiy va samimiy ko‘rinishiga guvoh bo‘ldim. Albatta, o‘sha paytda 7 yoshli bola bo‘lganman, lekin aynan o‘sha davr bugun biz qurayotgan demokratik fuqarolik jamiyatining boshlanishi bo‘lgan ekan.

Ammo nima ham bo‘ldiki, bu jarayon uzoqqa cho‘zilmadi va tan olib aytish kerakki, yillar davomida O‘zbekistonda matbuotning roli va o‘rni juda zaiflashib, u faqatgina maqtov va targ‘ibot mashinasiga aylanib qoldi. Tanqid qilgan yoki haqiqatni gapirganlar yoqmadi, ularning ovozi o‘chirildi yoki chet davlatga ishlaydigan ayg‘oqchiga chiqarildi.

Jurnalistika sohasida aksariyat bitiruvchilar boshqa sohalarga ishga o‘tib ketdi. Gazeta va jurnallar faqat majburiy obuna hisobidan kun kechira boshladi. Afsuski, bizga ana shunday og‘ir meros qolgan edi.

2016 yil Prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev bu sohani jadal rivojlantirish, O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligini ta’minlamasdan turib, islohotlarni amalga oshirish mumkin emasligini, davlat organlari xodimlari xalq bilan muloqot o‘rnatgan holda ish tashkil etishlari lozimligini dadil ta’kidlab, matbuotni amalda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarish vazifasini qo‘ydi.

Albatta, bu oson ish emasligini va o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmasligini siz juda yaxshi tushunasiz, deb o‘ylayman. Ma’lumki, so‘z erkinligi qonun doirasida bo‘lishi va jahonda o‘rnatilgan xalqaro etika qoidalariga rioya qilinishini ham talab qiladi.

Qariyb 25 yil davomida yopiq va kuchli senzuradan ozodlikka chiqqan matbuot barchani esankiratib qo‘ydi. Avvaliga jurnalistlar tajribasizlikdan qiynalgan bo‘lsa, davlat va hokimiyat organlari ular tomonidan ko‘tarilgan achchiq haqiqatni hazm qila olmadi. Tanqidga o‘rganmagan ayrim amaldorlar tomonidan ommaviy axborot vositalariga turli tazyiqlar bo‘lganini ham inkor eta olmaymiz va bunga tabiiy xol deb qaraldi. Kim ham matbuot nazoratida qolishni va unda ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha javobgar bo‘lishni xohlaydi. Axir, yuqorida aytib o‘tganimdek,  o‘tgan davrdagi kuchli senzura davlat idoralari rahbarlari faoliyatini tanqid qilishni ma’n qilgan va ularning xatolarini yashirishga xizmat qilgan. 

Tan olib aytish kerakki, yillar davomida barcha sohalarda to‘plangan muammolari bor xalqqa erkin va ochiq gapirish imkonini bergan Shavkat Mirziyoyevning qanchalik sabr-bardoshli, yuksak iroda sohibi ekanidan dalolatdir bu. Chunki, tasavvur qilib ko‘ring, muammolar qalashib ketgan odamlar dardiga malham bo‘lish va uning barini hal etish qanchalik mushkul va murakkabdir. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay, Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli bugun matbuot rivojlanib bormoqda, blogerlik faoliyati ommalashmoqda, agentligimiz esa ularni o‘z himoyasiga olgan. Ular bilan yuz berayotgan adolatsizliklarga qarshi kurashyapti. 

Shu bilan birga, jurnalist va blogerlarning malakasini oshirish, ularni qonun bilan qo‘llab-quvvatlash uchun barcha choralar ko‘rilyapti. Albatta, ichki senzura va qo‘rquv hali ko‘pchilikni butunlay tark etmadi. O‘ylaymanki, bu vaqt o‘tishi bilan o‘z o‘rniga tushadi. 

O‘zbekistonda hali ham matbuot erkin emas, so‘z erkinligi yo‘q deb osongina gapirayotganlarga bu ishlar tez va bir kunda amalga oshib qolmasligini, tashqaridan turib, bunga qat’iy baho bermaslikni so‘rab qolaman. Rim bir kunda qurilmaganidek, o‘zbek matbuoti ham haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat darajasiga yetishiga hali vaqt kerak va biz buni yaxshi tushunamiz. Ushbu jarayon keng qamrovli global tadbirlarga bevosita bog‘liq bo‘lib, ta’lim jarayonlariga o‘quvchilarni tanqidiy ko‘nikmasini singdirishdan tortib, to jurnalistlar va blogerlar malakasini oshirish, davlat va boshqaruv organlari rahbarlarini matbuot bilan ishlash, unga munosabat bildirish va tanqidiy chiqishlarga konstruktiv yondashish, aholi orasida so‘z erkinligi madaniyatini shakllantirish kabi tadbirlarni amalga oshirishni taqazo etadi va yana bir bor ta’kidlab aytmoqchimanki, bu tadbirlar bir kunlik yo bir yillik tadbirlar emas. 

Qani endi shu payt “Garri Potter”ning sehrli tayoqchasi bo‘lsayu bu ishlarni bir zumda amalga oshirib qo‘ysak. Afsuski, bu faqat ertaklarda bo‘ladi. Amalda esa buning uchun yillar va bizdan mashaqqatli mehnat talab qiladi”.


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

28

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing