Alkogol mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish koronavirusdan saqlaydimi? SSV munosabat bildirdi
Jamiyat
−
12 mart 2020
18709Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni koronavirus xavfidan ogohlantirish maqsadida ularning uyali aloqa telefonlariga SMS-xabarnomalar yubormoqda. Ularda sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish kerakligi aytilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilayotgan SMS-xabarnomalarning navbatdagisi tarqalmoqda. Unda “Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantiradi: Koronavirusidan saqlanish uchun alkogol mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish lozim”, deb yozilgan. Mazkur xabarnomalar soxta bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan fuqarolarning telefonlariga bunday SMS’lar yuborilmagan. Holat yuzasidan SSV rasmiy bayonot berdi. Unda shunday deyiladi:
“Dunyoda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) bo‘yicha epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda ushbu infeksiyaning kirib kelishi va uning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada aholining sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishi va profilaktik choralar ko‘rish borasida sms xabarnomalar yo‘llash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Ularda asosan, qo‘llarni tez-tez yaxshilab yuvish, shamollagan odamlar bilan muloqot qilmaslik, yuzni qo‘l bilan ushlamaslik, jamoat joylarga borishni kamaytirish, yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni yopish kabi oddiy, ammo muhim gigiyenik qoidalar berib borilmoqda.
Afsuski, ushbu SMS-xabarlarni noto‘g‘ri talqin qilish, mazmunini sun’iy ravishda o‘zgartirib berish orqali aholi orasida vahima uyg‘otayotganlar ham uchramoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik nomidan “koronavirusdan saqlanish uchun alkogol mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish lozim” mazmunidagi xabarlar mutlaqo yolg‘on va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bunday SMS-xabar yuborilmagan. Mutaxassislarning yakdil xulosasiga ko‘ra, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish koronavirus infeksiyasidan saqlay olmaydi”.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, hozirgacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan ortiqcha sarosimaga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.
LiveBarchasi