Aliyevning partiyasi Ozarbayjon parlamentida 68 o‘ringa ega bo‘ldi

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev boshchiligidagi “Yangi Ozarbayjon” hukmron partiyasi 1 sentyabrda muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, respublika Milliy Majlisidagi (bir palatali parlament) 125 o‘rindan 68 tasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda 100 foiz saylov uchastkalaridan olingan byulletenlar sanab chiqilgandan so‘ng mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma’lum qildi.

10 ta muxolifat partiyasi jami 11 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Oldingi parlamentda sakkizta muxolifat partiyasi vakillik qilgan. Yana 46 o‘rinni mustaqil nomzod sifatida qatnashgan nomzodlar qo‘lga kiritdi.

MSK ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning 37,24 foizi ovoz berishda qatnashgan. Ozarbayjonda saylovchilar sonidan qat’i nazar saylovlar o‘tgan deb tan olinadi. MSK tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar dastlabki hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi yakuniy natijalarni 20 kun ichida yakunlashi va bayonnomani tasdiqlash uchun Konstitutsiyaviy sudga taqdim etishi kerak, u 10 kun ichida o‘z hukmini chiqaradi.

Kecha, 1 sentyabr kuni Ozarbayjonda Milliy Majlisga navbatdan tashqari saylovlar bo‘lib o‘tdi. Parlamentdagi 125 o‘rin uchun 990 nafar nomzod kurash olib bordi, ulardan 305 nafari siyosiy partiyalardan, qolganlari mustaqil nomzodlar edi. Saylovlar majoritar tizim bo‘yicha o‘tkaziladi. Mamlakatda ro‘yxatga olingan 26 ta siyosiy partiyadan 25 tasi o‘z nomzodini ko‘rsatdi.

Muxolifat mamlakatdagi saylovlarni boykot qildi

Ozarbayjonning asosiy muxolifat partiyasi Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi navbatdan tashqari parlament saylovlarini boykot qilishga qaror qildi. U o‘z qarorini mavjud sharoitda ularda ishtirok etish ma’nosiz ekanligi bilan izohladi.

“Agar saylovlar hech bo‘lmaganda qisman shaffof bo‘lganida, biz qatnashib, g‘alaba qozongan bo‘lardik, ammo bu yerda 1 foiz bo‘lsa-da shaffoflik yo‘q. Bunday holatda nega biz bu saylovlarda qatnashishimiz kerak?”, deya o‘z pozitsiyasini tushuntirgan muxolifat partiya raisining maslahatchisi Mamed Ibrohim.

Boykotga Ozarbayjon Demokratik kuchlari milliy kengashi koalitsiyasi ham qo‘shildi. Ular o‘z bayonotida saylovlarni “arzon fars” deb atab, unda ishtirok etish milliy manfaatlar nuqtai nazaridan keraksiz va zararli ekanini bildirdi. Kampaniyada muxolifatdagi “Musavat” partiyasi ishtirok etdi. Biroq ekzitpollar natijalariga ko‘ra, u Ozarbayjon parlamentining yangi chaqirig‘ida birorta ham o‘ringa ega bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, Ozarbayjonda navbatdan tashqari parlament saylovlari Yevropa kengashi parlament assambleyasi kuzatuvchilarining ishtirokisiz o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oracle Advisory Group tomonidan Fuqarolar mehnat huquqlarini himoya qilish ligasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ekzitpol natijalari “Yangi Ozarbayjon” partiyasi g‘alaba qozonib, mamlakat parlamentidagi 125 o‘rindan 63 tasini qo‘lga kiritishi mumkinligini ko‘rsatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ilhom Aliev Yangi Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made