Aliyev Japarov bilan 25 million dollarlik jamg‘arma tuzdi

Olam

image

Qirg‘iziston va Ozarbayjon iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shma rivojlanish jamg‘armasini tuzadi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti saytida xabar berildi. 

Bugun, 11 oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekga keldi. Shu kunning o‘zida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokida Ozarbayjon va Qirg‘iziston Davlatlararo kengashining tor doiradagi birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

“Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida bugun, 11 oktyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Ozarbayjon Respublikasi hukumati o‘rtasida Qirg‘iziston-Ozarbayjon taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi”, deyiladi xabarda.  

Prezidentlar jamg‘arma xalqaro tashkilot bo‘lishini qo‘shimcha qilgan. Jamg‘armaning ustav kapitali 25 million dollarni tashkil etadi, shtab-kvartirasi Bishkekda joylashadi. 

Ilhom Aliyev ushbu jamg‘armani tashkil etish muhimligini ta’kidladi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu jamg‘arma taraqqiyot, sarmoya jalb etish, ish o‘rinlari yaratish va savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun yanada zarur shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Davlatlararo kengashning kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida tomonlar savdo, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, shuningdek, Qirg‘iziston va Ozarbayjonning xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy birlashmalar doirasidagi o‘zaro hamkorligi masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, tomonlar, o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha hukumatlararo bitimni ham imzolagan. 

Bundan tashqari, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklarining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik, Ozarbayjon va Qirg‘iziston savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumlari imzolangan. 

Qolaversa, Bishkek va Baku o‘rtasida qardosh shahar munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha memorandum imzolangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Sadir Japarov

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing