Aliyev Ostonada muhim xabarni e’lon qildi

Olam

image
Aliyev Qozog‘istonga tashrifi haqida gapirdi north_east

Aliyev Qozog‘istonga tashrifi haqida gapirdi

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armanistonga yuk tranziti bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilinganini e’lon qildi. Bu haqda u bugun, 21 oktyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Aliyevning aytishicha, bu qaror Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlikning “faqat qog‘ozda emas, amalda ham” amalga oshayotganining muhim belgisi hisoblanadi.

“Ozarbayjon Armanistonga yuk tranzitiga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashladi. Birinchi tranzit yuk bu – Qozog‘iston bug‘doyining Armanistonga yetkazilishi bo‘ldi. Menimcha, bu Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlikning nafaqat so‘zda, balki amalda ham mavjudligining yaxshi misoli”, deydi Ozarbayjon Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi faol hamkorlik muhim geosiyosiy ahamiyatga ega.

“Bugungi kunda yangi transport yo‘llari ochilayotgani, Yevroosiyo mintaqalarini bog‘lovchi loyihalar amalga oshirilayotgani, Kavkaz va Markaziy Osiyo tobora chambarchas bog‘lanib, ko‘pincha yagona geografik makon sifatida faoliyat yuritayotgani – bularning barchasi doimiy e’tibor va albatta, davlat rahbarlarining ishtirokini talab qiladi”, deydi Aliyev.

Ma’lumot uchun, Ilhom Aliyev hozirda Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan borgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida Vashingtonda Armaniston va Ozarbayjon yetakchilari uch tomonlama deklaratsiyaga imzo chekkan edi. Ushbu hujjat tomonlarni tinchlik shartnomasini imzolash va ratifikatsiya qilishga intilish majburiyatini yuklaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Armaniston yuk tranziti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing