Aliyev ma’muriyati Chechenistonning yordamini rad etdi
Olam
−
27 dekabr
5958Checheniston hukumati Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan edi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini bildirdi. Bu haqda “Day.az” xabar berdi.
“Ozarbayjon hech qanday yordamga muhtoj emas. Na davlat, na fuqarolar bunday yordamni qabul qilmaydi. Biz o‘z fuqarolarimizga zarur yordamni ko‘rsatmoqdamiz va ko‘rsatishda davom etamiz. Ozarbayjon faktni tan olish, kechirim so‘rash va tegishli kompensatsiya to‘lanishini talab qiladi”, dedi Prezident ma’muriyati vakili.
Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchragandi. Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 29 kishi omon qolgan. 38 kishi halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirgan.