Rossiya Ozarbayjondan uzr so‘rashi kerak – deputat

Olam

image

Rossiya tomoni Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL) fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerak. Bu haqda Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov kecha, 26 dekabr kuni mahalliy “Turan” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Samolyot Rossiya hududida, Grozniy osmonida urib tushirilgan va buni inkor etib bo‘lmaydi”, degan Musabekov o‘z bayonotida.

Musabekovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya vaziyatga nisbatan adekvat munosabatda bo‘lish va uzr so‘rash o‘rniga, o‘z izlarini yashirish uchun ommaviy axborot vositalarida muayyan harakatlar qilmoqda.

“Buni sodir etganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak, odamlarning o‘limi va qurbonlari uchun tovon puli to‘lanishi kerak, agar bu sodir bo‘lmasa, munosabatlar, albatta, boshqa saviyaga o‘tadi”, degan deputat.

Deputat, shuningdek, Ozarbayjon tomoni “2020 yilning 44 kunlik urushi” paytida Rossiya harbiy vertolyoti halokati uchun uzr so‘ragani va tovon to‘lagani, aybdorlar jazolanganini eslagan.

“Agar havo mudofaasi ishlayotgan bo‘lsa, u yerdan hech kim uchib ketmasligi uchun aeroport yopilishi kerak edi”,  degan Musabekov.

Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Ozarbayjon havo yo‘llarining 8432-reysi Aqtau shahri yaqinida favqulodda qo‘nish chog‘ida halokatga uchrashi oqibatida 38 kishi vafot etgandi. “Euronews”ning Ozarbayjon hukumati manbalariga tayanib yozishicha, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Rasim Musabekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing