Kreml Ozarbayjon deputatining uzr so‘rash talabiga javob qaytardi
Olam
−
27 dekabr 2024 26598 2 daqiqa
Kreml Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchraganiga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb biladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Tergov yakunlari bo‘yicha xulosalar chiqarilgunga qadar biz o‘zimizga bu masalada baho berish vakolatini yuklamaymiz va bunday qilmaymiz. Shu bilan birga ushbu masalani baholash bo‘yicha bizda aviatsiya bo‘yicha vakolatli organlarimiz bor va faqat ular tomonidan ma’lumot berilishi mumkin. Biz esa bu borada izoh berishni ma’qul ko‘rmaymiz”, dedi Peskov.
Shuningdek, jurnalistlar Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekovning aviatsiya halokati uchun Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari samolyotni urib tushirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gapi va bu borada uzr so‘rash talabiga Kreml qanday munosabat bildirishini so‘ragan.
“Albatta, biz buni ko‘rdik, lekin yana bir bor takrorlayman, men bu borada aytganlarimga boshqa qo‘shimcha qiladigan gapim yo‘q”, deb javob bergan Peskov.
Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchragandi. Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 29 kishi omon qolgan. 38 kishi halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi.