Aliyev “katta og‘a”ning yoniga keldi. Putin Ozarbayjonda rus tiliga bo‘lgan hurmat uchun rahmat aytdi
Olam
−
22 fevral 2022
9838Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish maqsadida Moskvaga keldi. Aliyev Kreml saroyida qabul qilindi.
Qayd etilishicha, uchrashuv koronavirusga qarshi cheklovlar ostida o‘tgan. Rahbarlar ijtimoiy masofani saqlab, oval stolning uzun qismining qarama-qarshi tomonlarida o‘tirib, suhbat qurgan.
"Afsuski, pandemiya normal muloqot qilish va uchrashishimizga imkon bermayapti", deydi Putin kulib, Aliyev bilan salomlasharkan.
Putin yaqinda Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralarda ham xuddi shunday bir necha metrlik epidemiologik masofada o‘tirganini eslagan.
Davlat rahbarlari Qorobog‘dagi vaziyatni ham muhokama qilgan.
“Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat qoniqarli, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasida ma’lum kelishuvlar mavjud, biroq qator muammolar saqlanib qolmoqda”, deydi Putin.
Umuman olganda, Rossiya Prezidenti Qorabog‘ mojarosini hali to‘liq hal etilmagan bo‘lsa-da, hal qilingan deb baholagan.
“O‘ylaymanki, hali ham yuzaga kelayotgan muammolarga qaramay, biz hozirgi mavjud darajaga yetganimizdan mamnunmiz. Nafaqat u yerda yashovchi barcha aholi xavfsizligini ta’minlash, balki savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarish bo‘yicha ham muayyan kelishuvlar mavjud. Bilaman, hali nizolar bor, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor, lekin biz o‘z tomonimizdan bu jarayon tinch yo‘l bilan o‘tishi uchun hamma narsani qilamiz va bu jarayonda ishtirok etayotgan barcha tomonlarning roziligiga intilamiz”, deydi Putin.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya ham, Ozarbayjonning boshqa qo‘shni davlatlari ham muammolar, jumladan, transport kommunikatsiyalari yechimidan manfaatdor. Bu manfaatdorlik nafaqat Baku, balki Yerevanga ham tegishli.
Putin, uchrashuv davomida Prezident Aliyevga Ozarbayjonda rus tiliga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirgan.
"Biz va Ozarbayjon uchun nozik gumanitar masalalarni hal qilganingiz, birinchi navbatda Ozarbayjondagi 300 ta maktabda rus tilini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizdan minnatdormiz. Bilaman, rus tili faol o‘rganilmoqda va ommabop. Biz buni kelajakda har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi u.
Prezidentlar Putin va Aliyev o‘rtasidagi muloqot taxminan to‘rt soat davom etgan.
So‘ng, davlat rahbarlari, bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ittifoqchilik hamkorligi to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.
Putinga ko‘ra, hujjat “ikki tomonlama munosabatlardagi muhim voqea – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga” bag‘ishlangan. Putin deklaratsiyaning imzolanishini Rossiya-Ozarbayjon munosabatlari rivojlanishidagi yangi bosqich deb atadi.
Ozarbayjon Prezidenti esa, mazkur hujjat ikki davlat, ularning o‘zaro hamkorligi, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik uchun “albatta juda ijobiy ma’noga ega bo‘lishini” ta’kidlagan.
LiveBarchasi