Aliyev Italiyaga bordi. Dragi uni katta iltifot bilan kutib oldi
Olam
−
02 Sentabr 2022
4002Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 1 sentyabr kuni Italiyaga bordi va Rimda respublika Vazirlar Kengashi raisi Mario Dragi bilan yakkama-yakka uchrashdi.
Dastlab Prezident Ilhom Aliyevni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Uchrashuvda Prezident Ilhom Aliyev 2020 yilda Italiyaga davlat tashrifi hamda avvalgi rasmiy va amaliy tashriflarini yodga oldi.
Suhbat chog‘ida mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqot rivojlanib borayotganidan mamnunlik bildirilgan, strategik sheriklikka asoslangan aloqalar rivojlanib borayotgani ta’kidlangan.
Vazirlar Kengashi raisi Mario Dragi bu galgi tashrif mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini, Italiya va Ozarbayjon o‘rtasida strategik sheriklik darajasida juda yaxshi aloqalar o‘rnatilgani, o‘zaro tovar ayirboshlash doimiy ravishda oshib borayotgani, energetika sohasida muvaffaqiyatli yutuqlarga erishilayotganini ta’kidlagan.
Uchrashuvda Ozarbayjonning Yevropa Ittifoqi va Italiyaning energiya xavfsizligini ta’minlashdagi muhim roli alohida ta’kidlangan. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiyot, fan, ta’lim, madaniyat, san’at va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tilgan. Bundan tashqari, bosqindan ozod qilingan hududlarda amalga oshirilgan restavratsiya va rekonstruksiya ishlarida Italiya kompaniyalari faol ishtirok etayotgani alohida qayd etilgan.
Suhbat chog‘ida Yevropa Ittifoqi va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning Ozarbayjonga tashrifi hamda Ozarbayjon bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida energetika sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumining imzolanishi muhokama qilingan.
Yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi Kengashi Prezidenti Sharl Mishel ko‘magida tashkil etilgan Bryussel Tinchlik kun tartibining ahamiyati ta’kidlangan va shu munosabat bilan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar boshlanganiga e’tibor qaratilgan hamda bu jarayon mintaqada barqaror tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga umid bildirilgan.
LiveBarchasi