Aliyev Armaniston bilan tinchlik shartnomasi imzolanadigan taxminiy muddatni aytdi

Olam

image

Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasi shu yil oxirigacha imzolanishi mumkin. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Pragada Turkiya va Armaniston rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin shunday bayonot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv bo‘yicha tashabbuslar osonlik bilan olg‘a siljayotgani yo‘q, biroq kelishuvga umid bor.

“Armaniston tomoni yaxshi niyatda bo‘lsa, yil oxirigacha tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkin. O‘ylaymanki, agar yaqin orada qaror qabul qilinsa, ikki davlat ishchi guruhlari tinchlik shartnomasi matni ustida ishlashni boshlaydi, yil oxirigacha kelishuvga erisha olamiz”, deydi Aliyev.

Prezident, shuningdek, Armanistonda ham, Yevropa Kengashida ham “Ozarbayjon tomoni e’lon qilgan besh tamoyil bo‘yicha hech qanday savol yo‘qligini” ta’kidladi.

Ular orasida – suverenitetni o‘zaro tan olish, xalqaro chegaralar daxlsizligi va bir-birining siyosiy mustaqilligi; hududiy da’volar yo‘qligini o‘zaro tasdiqlash; davlatlararo munosabatlarda bir-birining xavfsizligiga tahdid solmaslik; davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, diplomatik munosabatlar o‘rnatish; transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda hamkorlikni ochish nazarda tutilgan.

Baku va Yerevan o‘rtasidagi so‘nggi yirik keskinlik joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan edi. Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

12

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing