Aliyev Armaniston bilan tinchlik bitimi tuzmoqchi. Ikkinchi tomon esa jim 

Olam

image
0:00
0:00
download

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bilan tinchlik bitimi tuzish imkoniyati to‘g‘risida gapirdi.  

"Biz mojaro sahifasi yopilgan deb hisoblaymiz. Men tinchlik bitimi tuzish imkoniyati to‘g‘risida bir necha bor gapirdim. Bu bizning rejalarimiz, ammo Armaniston tarafidan bunday signallar yo‘q", deya ta’kidlagan Aliyev Bakuda bo‘lib o‘tgan konferensiyada. 

Aliyev Prezident sifatida kelajakka umid qilishini ma’lum qilgan. 

"Agar Armaniston tomonidan ijobiy signallar bo‘lsa,
biz munosabatlarni normallashtirish uchun hamma narsa qilamiz", degan Prezident. 

Aliyevning ta’kidlashicha, jangovar harakatlar tugaganidan keyin Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro zonasidagi vaziyat mo‘rt bo‘lib qolmoqda. 

"Urushdan keyingi vaziyat hali ham mo‘rt. Otashkesimga rioya qilinmoqda, ammo shunga qaramay, bizda urushdan keyingi rivojlanish bilan bog‘liq ko‘plab savollar bor", degan u. 

Aliyev, shuningdek, Armaniston fuqarolik jamiyatini hamkorlik qilishga chaqirgan. 

"Biz kelajakka qarashimiz kerak. Armaniston fuqarolik jamiyatidan yanada ko‘proq o‘zaro aloqalarni kutmoqdamiz. Ularning hech biri Ozarbayjon haqida nafaqat yaxshi, balki  betaraf so‘z ham aytmaydi. Mojaro hal qilindi va biz kelajakni kuzatishimiz kerak", deb ta’kidlagan davlat rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi. 

O‘tgan yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar. 

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi. 

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.  

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.  

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston Qorabog' Aliev

Baholaganlar

45

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing