Aliyev Antaliyada Erdo‘g‘an bilan uchrashdi (video)
Olam
−
11 aprel
1814Bugun, 11 aprel kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi birodarlik va ittifoqchilik aloqalarining barcha sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanishidan mamnunlik bildirilgan hamda kelajakdagi aloqalar istiqbollari muhokama qilingan.
“Turkiya Prezidentiga Antaliya diplomatiya forumiga taklif uchun minnatdorlik bildirgan davlatimiz rahbari, ushbu tadbir xalqaro kun tartibi muhim masalalari muhokama qilinadigan eng yirik jahon platformalaridan biri ekanligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, davlat rahbarlari suhbat davomida ikki tomonlama aloqalar, Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharqdagi vaziyatlar bo‘yicha fikr almashgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 11-13 aprel kunlari Turkiyada to‘rtinchi Antaliya diplomatiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forumga 140 ga yaqin davlatdan 450 ga yaqin vakil tashrif buyurgan. Tadbir Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an homiyligida “Parchalangan dunyoda diplomatiyani tiklash” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Uch kunlik forumda Yaqin Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, terrorizmga qarshi kurash, gumanitar yordam, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va sun’iy intellekt kabi keng ko‘lamli mavzular muhokama etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an mazkur forumning ochilish marosimidagi nutqida agar Yevropa Ittifoqi bugungi muammolarini yengmoqchi va yangi global tizimda munosib o‘rin egallamoqchi bo‘lsa, u shunga yarasha harakat qilishi, o‘tmishdagi yukdan xalos bo‘lishi va Turkiyaga Yevroittifoqda munosib o‘rin berishi lozimligini aytgan edi.
LiveBarchasi