Alisher Usmonov yana bir Germaniya nashrini sudda yutdi

Olam

image

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Germaniyaning “Frankfurter Allgemeine Zeitung” nashriga qarshi tuhmat bo‘yicha ishda g‘alaba qozondi. Gamburg yer sudi Alisher Usmonovning da’vosini qanoatlantirib, nashr tomonidan biznesmen haqida tuhmat deb topilgan qator da’volarni tarqatishni taqiqladi. Bu haqda Usmonovning matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud qarori joriy yilning 23 yanvar kuni e’lon qilingan. Taqiq buzilgan har bir holat uchun 250 ming yevrogacha jarima belgilangan. Agar jarimani undirish imkoni bo‘lmasa, har bir qoidabuzarlik uchun olti oygacha ma’muriy qamoq, jami hisobda esa ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Alisher Usmonov vakillarining ma’lum qilishicha, sud FAZ nashriga biznesmen go‘yoki o‘z boyligini “Kreml manfaatlari yoki topshirig‘i bilan” ishlatgani, O‘zbekistonda Rossiya hokimiyati manfaatlarini norasmiy tarzda ifoda etgani, shuningdek, 2006 yilda “Kommersant’” gazetasini sotib olgandan keyin uning tahrir siyosatiga aralashgani haqidagi da’volarni tarqatishni taqiqlagan.

Bundan tashqari, advokatlarning bildirishicha, Yevropa sud amaliyotida ilk bor sud Rossiya sudi tomonidan avval yolg‘on deb topilgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning surishtiruv materiallariga tayanilgan da’volarni tarqatishni ham taqiqlagan. Xususan,  “U sizga Dimon emas” filmida Alisher Usmonov go‘yoki Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev atrofidagi shaxslarga ko‘chmas mulk topshirgani haqidagi iddaolar nazarda tutilmoqda.

Biznesmenning vakillari ushbu qarorni Yevropa sud amaliyoti uchun muhim pretsedent deb atagan.

Ma’lumot uchun, bu Germaniya sudlarida Usmonov foydasiga chiqarilgan ilk qaror emas. O‘tgan yil bahorida Gamburg sudi Germaniyaning ARD telekanaliga Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) sudyalarni pora bilan sotib olgani haqidagi ma’lumotlarni tarqatishni taqiqlagan edi.
2024 yilda esa xuddi shu sud AQSHning “Forbes” nashriga Alisher Usmonov Rossiya rahbari Vladimir Putinning “nominal shaxsi” bo‘lgani va “uning biznes masalalarini hal qilgani” haqidagi bayonotlarni tarqatishni taqiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Myunxen shahri prokuraturasi Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni buzish gumoni bo‘yicha olib borilgan tergovni to‘xtatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing