Alisher Usmonov Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga ariza kiritdi
Olam
−
13 avgust 2023
9249Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Milliarder Bremen portidagi “Dilbar” yaxtasida o‘tkazilgan tintuvlar uning mulk daxlsizligiga bo‘lgan huquqining buzilishi ekanini da’vo qilmoqda. Bu haqda “Welt am Sonntag” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishcha, Federal Konstitutsiyaviy sud tadbirkorning da’vosini qabul qilganini va hozirda uni ko‘rib chiqayotganini tasdiqlagan. Usmonov tintuvlarni uning insoniy qadr-qimmatiga tajovuz va Germaniya Federativ Respublikasi asosiy qonuni bilan kafolatlangan uy-joy daxlsizligini buzish deb baholagan.
Bundan tashqari, da’voda nafaqat Usmonovga nisbatan sanksiyalar qo‘llash uchun asoslar yo‘qligi, balki tadbirkor tomonidan buzilgani aytilayotgan “Tashqi savdo to‘g‘risida”gi qonunning konstitutsiyaga zidligi ham nazarda tutilgan.
Qonunga ko‘ra, sanksiyaga duchor bo‘lgan shaxslar o‘z mol-mulki to‘g‘risida hokimiyatga hisobot berishlari shart. Bu esa o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik tamoyiliga ziddir.
Manbaga ko‘ra, Usmonovning da’vosi bo‘yicha tezkor qaror qabul qilinishi dargumon. Uning imkoniyatlari juda past, chunki Federal Konstitutsiyaviy sud barcha da’volarning 90 foizdan ko‘prog‘ini qabul qilmaydi.
Aytish joizki, oldinroq Frankfurt-na-Mayn okrug sudi Germaniya huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tgan yili “Usmonov ishi” bo‘yicha o‘tkazilgan bir qator tintuvlarni noqonuniy deb topgan. Sud Frankfurt prokuraturasi tadbirkorni pul yuvishda gumon qilish uchun yetarli asoslar keltirmagan, deb hisoblagan. Germaniya konstitutsiyaviy huquqiga ixtisoslashgan va O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalovchi Gauweiler & Sauter advokatlik byurosi sud qarorini tasdiqlagan. Uning bayonotida aytilishicha, Frankfurt-na-Mayn sudi O‘zbekiston fuqarosi Usmonovning “pul yuvish”da gumon qilinayotgani haqidagi iddaoni asossiz ekanini va Frankfurt-Mayn prokuraturasining ushbu ish bo‘yicha barcha tintuvlari noqonuniy ekanligini haqli ravishda tan olgan.
Federal Jinoyat boshqarmasi xodimlari va soliq inspektorlari o‘tgan yilning sentyabr oyida Tegernze ko‘li yaqinida joylashgan bir nechta villalarda, Frankfurt-na-Mayndagi kvartirada va Bremen portidagi “Dilbar” yaxtasida tintuv o‘tkazgan. O‘shanda u yerdagi hujjatlar va san’at buyumlari musodara qilingan.
Usmonovga qarshi sanksiyalar
2022 yilning 28 fevralida Yevropa Kengashi Usmonovni Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga hissa qo‘shgan shaxslar “qora ro‘yxati”ga kiritgan. Uning Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan, YeIdagi aktivlari esa muzlatilgan. O‘tgan yilning 29 aprel kuni Usmonov Yevroittifoq sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganiga norozilik bildirib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bergan. Da’vogar YeI Kengashining unga nisbatan cheklov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni va sud qarori chiqarilgunga qadar taqiqlovchi choralarni qo‘llashni to‘xtatib turishni so‘ragan. Biroq, Yevropa sudi Usmonovning da’vosini tez ko‘rib chiqish haqidagi so‘rovni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Alisher Usmonov Italiyaning “Corriere Della Sera” nashriga bergan intervyusida Rossiyada tadbirkorlar hukumatning topshiriqlarini bajarishi haqidagi gaplar yolg‘on ekanini, uning o‘zi hech qachon davlatdan shubhali yordamlar olmagani hamda doim shaffoflikda ishlaganini aytgandi.
LiveBarchasi