Alisher Sa’dullayev Istanbulga dafn etilgan Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning qabrini ziyorat qildi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2022
24424Amaliy tashrif bilan Turkiyada bo‘lib turgan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev jadidchilik harakatining yorqin namoyondasi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev qabrini ziyorat qildi. U bu haqda o‘zining Telegram-kanalida xabar qoldirgan.
“Bugun Istanbulda jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi, Turkiston bo‘ylab keng tarqalgan jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning qabrini ziyorat qildik.
Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev dastlabki tahsilni Buxorodagi madrasada oladi va ilk jadid maktablaridan biriga asos soladi. 1908 yil Istanbulda tahsil oladi. 1913 yil Usmonxo‘ja Buxoroga qaytadi va yana jadid maktabi ochadi. Mustaqil armiya, mustaqil Buxoro maqsadi yo‘lida juda ko‘p mashaqqatlarini boshidan o‘tkazgan. Shunday insonlar mustaqilligimiz uchun kurashib, uni ko‘rmay, his qilmay bu dunyodan o‘tib ketishdi. Yaratgan ularni o‘z rahmatiga olsin. Endi ularni eslamaslik, bilmaslik va o‘qimaslik aslo mumkin emas”, deb yozgan Alisher Sa’dullayev.
Ma’lumot o‘rnida, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, taniqli davlat va jamoat arbobi, Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) raisi (1921 yil sentyabr — 1922 yil avgust). Otasi Qori Po‘latxo‘ja buxorolik savdogar bo‘lgan. U dastlabki tahsilni Buxorodagi madrasada oladi va ilk jadid maktablaridan biriga asos soladi. 1908-yil do‘sti Xamidxo‘ja Mehriy bilan Turkiyada — Istanbulda tahsil oladi. 1913 yil Usmonxo‘ja Buxoroga qaytadi va yana jadid maktabi ochadi.
Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev, 1878 yil hozirgi Qirg‘izistonning O‘sh shahrida dunyoga kelgan. Otasi Po‘latxo‘ja,onasining ismi Fotma Oyim edi. Karamutulloh xo‘janing avlodlaridan bo‘lgan Po‘latxo‘ja ayni paytda Fayzulla Xo‘jayev (1896-1938)ning otasi Ubaydullaxo‘janing akasi hisoblanadi. Buxoro amirining bosimlaridan qutilmoqchi bo‘lgan buxorolik savdogarlar odatda bir necha yil Samarqand yoki Farg‘onaga borib, savdo sohasidagi faoliyatlarini u yerda davom ettirishardi. Po‘latxo‘ja esa O‘sh shahrida savdo faoliyatini olib boradi. Bu davrda Fotma oyim bilan turmush quradi va bu turmushlaridan Usmonxo‘ja dunyoga kelgandi. Usmonxo‘ja juda yoshligidayoq otasi tomonidan Buxoroga olib kelinadi va bu yerda maxsus tayinlangan ustozlar yordamida ta’lim oladi. Po‘latxo‘ja Buxorodagi ta’limidan tashqari Istanbul, Baku, Bog‘chasaroy, Qozon va Toshkentda chiqqan gazeta va jurnallar, ayniqsa, Ismoil Gaspirali tomonidan chiqarilayotgan “Tarjimon” gazetasini o‘qish orqali dunyoqarashini yuksaltirishga harakat qiladi. Bu yillarda Usmonxo‘ja boshqa jadid (yangilikchi) ziyolilar kabi “Tarjimon” gazetasidagi jadidchilik qarashlari va Usuli-jadid maktablari haqidagi xabarlardan qattiq ilhomlanadi.
Usmonxo‘ja va Hamidxo‘ja 1913 yilning bahor oyida Istanbuldan Buxoroga qaytishadi. Shundan so‘ng Usmonxo‘ja Latifxo‘ja ismli kishining uyida yangi jadid maktabini ochadi. Ayniyning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonxo‘ja bu yerda qarindoshlarinig farzandlariga ta’lim berishni boshlab yuboradi. Shu yilning yoz oyida Usmonxo‘ja Govgeshan hovuzining yonida bir binoni ijaraga olib, jadid maktabini u yerga ko‘chiradi. Hamidxo‘ja va boshqa jadidlar ham o‘ziga qarashli maktablarni kengaytira boshlaydi. 1914 yilga kelib, o‘quvchi soni ortganligi bois Usmonxo‘ja maktabni yanada kengroq binoga ko‘chirishga majbur bo‘ladi. 1914 yilda Usmonxo‘jaga qarashli jadid maktabida 200 kishi, Mulla Vafoda 80 kishi, Markishda 150 kishi, Xiyobondagi maktabda esa 40-50 kishi ta’lim olmoqda edi. Faqat, bu maktablarning faoliyat olib borishidan chor Rossiyasi va Buxoro hukumatining vakillari mamnun emas edilar. Rus hukumatining Buxoro amirligiga qilgan tazyiqidan so‘ng Buxoro amirining odamlari turli bahonalar bilan jadid maktablarining faoliyatiga to‘sqinlik qila boshlaydi. Hatto, jadid yetakchilarining bu ishdan voz kechishlari uchun katta pul ham taklif qilishadi.
Birinchi jahon urushi (1914-1918) davrida Chor Rossiyasi hukumati o‘z mustamlakalaridan biri bo‘lgan Turkistondan aholini harbiy xizmat uchun emas, balki front orti ishlari uchun mardikorlarni to‘plash bo‘yicha qaror e’lon qiladi. 1916 yil gazetalarda e’lon qilingan bu yangilik Turkiston xalqi tomonidan sovuq qarshi olinadi. Jadidlardan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Pahlavon Niyoziy, Usmonxo‘ja, Qori Komil, Obidjon Mahmud kabilar yig‘ilish o‘tkazib, bu qarorga o‘z noroziliklarini bayon qilishadi. Dastlab o‘qish yozish masalasini ko‘tarib chiqqan jadidchilik harakati keyinchalik siyosiy harakatga aylanadi. Bunda 1916 yilgi xalq qo‘zg‘oloni va 1917 yilning oktyabr o‘zgarishlarining ta’siri katta bo‘lgandi.
Usmonxo‘ja tomonidan Dushanbedagi rus garnizoniga qilingan hujum va undan keyin xalqqa ozodlik uchun qo‘zg‘olon ko‘tarishga qilgan chaqirig‘i vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Usmonxo‘janing Buxoro MIK raisi lavozimidagi o‘rni 1922 yil 10 aprel kuni uning Afg‘onistonga o‘tib ketishi bilan nihoyasiga yetadi. Usmonxo‘ja Buxoro milliy armiyasi uchun qurol-yarog‘ sotib olish masalasida Kobuldagi ingliz vakili bilan uchrashadi. Ammo inglizlar Buxoro vakillariga qurol sotish masalasida ijobiy javob berishmaydi. Chunki inglizlar va sovetlarning bir-birlariga qarashli mustamlakalarga qurolli yordam ko‘rsatmaslik borasidagi maxfiy kelishuvlari bor edi. Kelishuvga ko‘ra Ruslar Afg‘oniston va Hindistonga, inglizlar esa Turkiston masalalariga aralashmasligi kerak edi. Usmonxo‘ja 1922 yil 29 aprel kuni Afg‘oniston qiroli Omonulloxon nomiga Turkiston masalasida bir memorandum yuboradi. Memorandumda Buxoroning mustaqil davlat ekanligi, sovetlarning esa bosqinchiligiga urg‘u berilgan edi. Usmonxo‘ja Kobuldaligida Anvar poshoning 1922 yil 5 avgust kuni Dushanbe yaqinidagi Baljuvonda o‘ldirilganligi haqidagi xabarni eshitadi. Usmonxo‘ja nomiga Fayzulla Xojayev tomonidan yuborilgan maxfiy xabarda uning Buxoroga qaytishi xavfli ekani, agar qaytadigan bo‘lsa, o‘limga hukm qilinishi yozilgan edi. Sovet hukumati Afg‘onistonga Usmonxo‘ja masalasida doimiy bosim qilib keladi.
RSFSR ya’ni Sovet Rossiyasining Kobuldagi elchisi Fyodor Fyodorovich Roskolnikov turli josuslarni Usmonxo‘janing ortidan qo‘yib, uni doimiy kuzatuvga oldiradi. Usmonxo‘jani doimiy kuzatib yurgan va har bir qadamidan rus elchiligini doimiy xabardor qilib turgan shaxs Abdurahim Yusufzade edi. Moskvada chiqadigan “Pravda” gazetasida Usmonxo‘janing Afg‘onistonda Sovetlarga qarshi doimiy faoliyat olib borayotganidan shikoyat qilib keladi. Moskva Usmonxo‘jani Turkistondagi Bosmachilar bilan inglizlar orasidagi munosabatda vositachi bo‘lib kelayotganini ta’kidlab keladi. Moskvaning Afg‘onistonga qilgan bosimi natijasida Usmonxo‘ja 1923 yilga kelib Istanbulga ketishga majbur bo‘ladi.
Usmonxo‘janing Turkiyaga kelgan dastlabki yillardagi faoliyatiga oid ma’lumotlarni Rajab Boysun va Zaki Validiy To‘g‘onning asarlaridan uchratish mumkin. Usmonxo‘ja Istanbuldagi Turkistonlik yoshlarni to‘plab, “Turkiston yoshlar birligi” (1927) nomi tashkilot tuzish bilan birga, Mustafo Cho‘qay, Zaki Validi To‘g‘on va boshqa turkistonliklar bilan birga “Yangi Turkiston” (1927-1934) nomli jurnal chiqaradi. Usmonxo‘ja bu gazetalarga yozgan maqolalarida va Turkiyada olib borgan ko‘plab konferensiyalarida Sovetlarning Turkistondagi faoliyatini qoralab keladi. Sovetlarning Usmonxo‘ja borasidagi Turkiyaga qilgan bosimlariga Mustafo Kamol Otaturk e’tibor bermay keladi. Faqat Otaturkning xastaligi va vafoti munosabati bilan Usmonxo‘ja yana surgunda yurishga majbur bo‘ladi. 1939 yilda avval Polshaga, keyinchalik esa Eronga boradi. Faqat Ikkinchi jahon urushi yakunlangandan so‘nggina Turkiyaga qaytishga muvaffaq bo‘ladi. 1951 va 1957 yillarda Pokistonda yashagan Usmonxo‘ja 1968 yilning 28 iyuli, ya’ni vafotiga qadar Turkiyada yashaydi. Bu vaqtda Istanbul va Anqarada Turkiston haqida turli konferensiyalar bergan Usmonxo‘ja siyosiy masalalarga boshqa aralashmaydi. [Vafotidan so‘ng Uskudardagi "O‘zbeklar takkasi"ga dafn qilinadi.
LiveBarchasi