Alisher Qodirov 25-30 yillik mashinalarni iste’moldan chiqarishni taklif qildi
Jamiyat
−
10 iyul 11979 2 daqiqa
Kecha, 9 iyul kuni o‘tkazilgan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan takliflar yuzasidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi qonunlarni o‘zgartirish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, fraksiya rahbari Alisher Qodirov ma’lum qildi.
Partiya yetakchisi 24 million qoidabuzarlikning 19 milliontasi tezlik bilan bog‘liqligini aytib, bunday vaziyatda nimadir noto‘g‘ri ishlayotganini bildirgan.
“Tezlik uchun cheklov joy, vaqt va zaruratga qarab belgilanishi kerak. Masalan, magistral yo‘l, masofa uzoq, aholi yashash punkti emas, nega 130 yurish mumkinmas?
Qizilda o‘tish, cheklangan joyda ikki karra tez yurish, avariya xavfi yaratib qasddan tartibsiz harakat… marhamat, ayovsiz jarimani bosish kerak, lekin ayrim jazolar bo‘yicha haydovchilarning ham fikri bilan qiziqish zarur”, deya yozgan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatga qarashli xizmat mashinalariga alohida e’tiborni taqiqlash – kechikkan qaror. Tartib hammaga bir xil bo‘lishi kerak.
40-50 yillik avtomashinalarni bosqichma-bosqich iste’moldan chiqarish – juda to‘g‘ri taklif ekanini aytgan Qodirov, hatto bu cheklovni 25-30 yilga tushirish ham noto‘g‘ri bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan. Deputatning aytishicha, faqat mashinani almashtirish uchun qulay takliflar bo‘lishi kerak.
Shuningdek, u ichki ishlar tizimi xodimlarini tayyorlash bo‘yicha tashabbusni o‘rinli va og‘riqli muammo, deya baholadi.
“Bu sohada ishini yaxshi biladigan, o‘qigan, har tomonlama jamiyatga namuna bo‘ladigan qorako‘zlar ishlashi kerak, vazirlikdagi mansabdorning jiyan yoki hamqishloqlari emas. Jamiyat formadagi xodimlar bilan faxrlanishi kerak.
Tartib hayotiy zarurat, u hammaga kerak. Lekin cheklovlar va jazolarsiz tartibni ta’minlash mumkin emas”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilayotganini aytgandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr