Alisher Ikromov 25 yil deganda lavozimdan chetlatildi
Jamiyat
−
10 iyul 2019
17573YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining mas’ul kotibi Alisher Ikromov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Alisher Ikromov ushbu lavozimda 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi. Uning nima sababdan lavozimini tark etgani hozircha ma’lum emas.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, bundan bir necha kun avval O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, xususan Samarqand YUNESKOning madaniy meroslar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida xalqaro OAVda xabarlar tarqaldi. Bunga shaharda, jumladan Registon ansambli atrofida amalga oshirilgan qurilish ishlari sabab sifatida ko‘rsatildi.
YUNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasining (BMQ) Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida o‘tgan 43-sessiyasida O‘zbekiston tomonining “Buxoroning tarixiy markazi” va “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” ob’ektlarining saqlanganligi to‘g‘risida taqdim qilgan hisobotlari ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng, Samarqand shahri Xavf ostida bo‘lgan butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilmadi.
Kecha, 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev bilan uchrashib, xalqaro OAVda O‘zbekistonning tarixiy shaharlari va obidalari haqida tarqalgan xabarlar mamlakatning turizm salohiyati va xalqaro maydondagi imijiga putur yetkazayotgani bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston YUNESKOga 1993 yilda mustaqil davlat sifatida a’zo bo‘lgan va bu Tashkilot bilan uning har bir sohadagi ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
1997 yilda Tashkilotga a’zo mamlakatlar O‘zbekiston Respublikasini to‘rt yilga Boshqaruv Qo‘mitaga boshqaruv organiga saylagan. Shu yo‘sinda, 2009 yildan 2013 yilgacha O‘zbekiston YUNESKOning Boshqaruv Qo‘mitasiga a’zo sifatida qaytadan saylangan.
Bundan tashqari, YUNESKO rahbarligida va hamkorligida Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yillik, Shaxrisabz va Qarshining 2700 yillik, shuningdek, Samarqand shahrining 2750 yilligi va Toshkent shahrining 2200 yillik yubileylari tantanali nishonlangan. YUNESKOning bevosita ko‘magida Samarqand shahrida Markaziy-Osiyo Xalqaro tadqiqot instituti tuzildi. O‘zbekistonning turli hududlarida 10ta kafedra va YUNESKOning 10ta ijtimoiy-ta’lim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, shuningdek, YUNESKO tasarrufidagi 46 ta maktab mavjud.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr