“Lazgi” YUNESKO ro‘yxatiga kirdi
Jamiyat
−
13 dekabr 2019
8194YUNESKO “Lazgi” raqsini insoniyatning Nomoddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritdi. Hozirda bu ro‘yxatga “Baxshichilik” san’ati va etnik sport turlarini ham kiritish harakati boshlangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.
“Lazgi” bo‘yicha yakuniy qaror YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida o‘tkazilgan 14-sessiyasida qabul qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning YUNESKOdagi elchisi Umid Shodiyev boshchiligidagi delegatsiya “Lazgi” nominatsiyasining tantanali namoyishini o‘tkazgan. Namoyish vaqtida boy madaniy merosga ega bo‘lgan O‘zbekiston YUNESKOning ro‘yxatiga kiritish uchun yana ko‘plab noyob elementlarni taklif qilishi mumkinligi aytilgan. “Baxshichilik” san’ati va etnik sport turlarini kelasi yil ro‘yxatga kiritish fikri rasman ilgari surilgan.
YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi umumiy muhokamalardan keyin “Lazgi”ni ro‘yxatga kiritishni ma’qullagan. Qo‘mita a’zolarining ovoz berishiga zarurat qolmagan.
Endilikda, YUNESKO Xorazm raqsini saqlash, rivojlantirish va keng tarqalishi uchun zarur choralar ko‘rish majburiyatini oldi.
Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining baholash komissiyasi “Lazgi”ni qadimiy ekani, mintaqadagi boshqa raqs turlaridan ajralib turishi va odamga o‘zgacha ruh va jo‘shqinlik berishini alohida ta’kidlashgan.
Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mita 14 dekabrgacha o‘z ishini davom ettiradi va yana 42 mamlakatning nomoddiy elementlarini ko‘rib chiqadi.
Ma’lumot uchun, “Lazgi”gacha “Boysun madaniy muhiti”, “Navro‘z bayrami”, “Shashmaqom”, “Katta ashula”, “Askiya ijrochiligi”, “Palov va osh bilan bog‘liq an’ana va qadriyatlar” kabi qadriyatlar YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr