“Lazgi” baleti Qozog‘istonda namoyish etildi
Jamiyat
−
18 mart
3836Kecha, 17 mart kuni Abay nomidagi Qozog‘iston milliy opera va balet teatrida “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti qo‘yildi. Uni tomosha qilishga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham bordi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.
“Qozog‘istonga qilgan avvalgi safarimiz chog‘ida “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti shu qardosh yurtda ham namoyish etilsa, deb niyat qilgandik. Ezgu niyatimiz ijobat bo‘ldi — 17 mart kuni Abay nomidagi Qozog‘iston milliy opera va balet teatri sahnasida qadimiy raqsimiz — lazgi jonlandi”, deydi Mirziyoyeva.
Uning aytishicha, bunday madaniy tadbirlar go‘zal san’atni namoyon etibgina qolmay, qardosh millatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga yordam beradi.
“Biz, Prezidentimiz tomonidan boshlab berilgan yaxshi qo‘shnichilik an’analariga sodiq qolgan holda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy, siyosiy va, albatta, madaniy sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz. Xalqlarimiz o‘rtasida totuvlik, ahillik hukm sursa, ushbu mintaqa qudratli hamjihatlik markaziga aylanishi shubhasiz”, deydi Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili avgust oyida Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘lgandi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

