Alixonov suv bilan bog‘liq fojiaviy 10 yillikni bashorat qildi

Jamiyat

image

Yaqin 10 yilda Amudaryo va Sirdaryoda suv sathi 10-15 foizga kamayadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan “Tog‘li hududlarni barqaror rivojlantirish” xalqaro forumida ma’lum qildi.

"So‘nggi 20-25 yil ichida yozda yog‘ingarchilik sezilarli darajada kamaygan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, har daqiqada unumdor mintaqaning to‘qqiz kvadrat metri cho‘lga aylanib bormoqda", deydi Alixonov.

Uning bildirishicha, bunday jarayonlarning global va xavfli oqibatlaridan biri ko‘p yillik muzliklarning – so‘nggi 40 yil ichida muzlik massasining 30 foizining intensiv erishi hisoblanadi. Bu Amudaryo va Sirdaryoda suvning kamayishiga olib keladi.

Ekspertlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga borib 7 mlrd kub metr suv tanqisligi yuzaga keladi. Bu esa mamlakatning 33 ta suv tanqis hududlar qatoriga tushib qolishiga sabab bo‘ladi.

Mintaqada suv muammosining yuzaga kelishi sabablaridan biri sifatida “Tolibon”ning Qo‘shtepa kanalini qurishi ko‘rsatiladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev "Qo‘shtepa" kanali qurilishi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan edi. Prezident uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv balansini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini aytgan.

“Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan biz Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga o‘z munosabatini bildirar ekan, “Tolibon”ning Energetika va suv vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur Afg‘oniston qo‘shni davlatlar bilan Amudaryo suvidan foydalanish muammosini muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” Qo‘shtepa kanali qurilishining birinchi bosqichini yakunlab,ikkinchi bosqichini boshladi.

Avvalroq, germaniyalik siyosatchi, Yevroparlament deputati Viola fon Kramon-Taubadel Yevropa parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston ekologiyasi haqida gapirar ekan, mamlakat cho‘lga aylanib borayotganini alohida urg‘ulagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon Markaziy Osiyo Boriy Alixonov suv resurslari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing