Aldangan afrikalik ayollar Rossiyada jangovar dron yig‘moqda – AP
Olam
−
10 Oktabr
15401Rossiya afrikalik ayollarni Ukraina bilan urush uchun dronlar yig‘ishga aldov yo‘li bilan jalb qilgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashr Tataristondagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasidagi zavodda ishlayotgan olti nafar ayol bilan suhbatlashgan. Ular ijtimoiy tarmoqlarda bepul samolyot chiptasi va mehmondo‘stlik evaziga umumiy ovqatlanish kabi sohalarda yuqori maoshli ish va’da qilingan reklamalarga duch kelganini ma’lum qilgan. Buning uchun ular faqat kompyuter o‘yini va 100 ta ruscha so‘zdan iborat testni topshirishi zarur bo‘lgan. Ularning hammasi “Yevropadagi sarguzasht” sifatida taqdim etilgan. Biroq ayollar Tataristonga kelganida qurol zavodida ishlashidan, xususan, Eron tomonidan ishlab chiqariladigan Shahed dronlarini yig‘ishi kerakligidan xabar topgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, "Alabuga" zavodi 18-22 yoshdagi Uganda, Ruanda, Keniya, Janubiy Sudan, Serra-Leone va Nigeriya kabi mamlakatlardan afrikalik ayollarni ishga jalb qilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 182 nafar Sharqiy va Markaziy Afrika mamlakatlari fuqarolari ishga qabul qilingan. Hozirda taklif Lotin Amerikasi va Osiyo, masalan, Shri-Lanka kabi davlatlarga ham tarqalgan. Reklamada ayollarga o‘z karerasini boshlashga yordam berish va’da qilinadi.
Rossiyada ishlashga rozi bo‘lgan ayollardan biri o‘z sayohatini entikish bilan hujjatlashtirgan, aeroportda selfilar olgan va uchish yo‘nalishi tasvirida “Yevropa” so‘ziga diqqat qaratgan. Biroq “Alabuga”ga yetib kelgach, nima ish qilishini bilib, buni tuzoqligini anglagan.
“Kompaniya dronlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Boshqa hech narsa... Men afsusdaman va o‘sha ishlarni qilishni boshlagan kunimni la’natlayman”, deydi u.
Bundan tashqari, boshqa ayollar ish vaqti uzoq, maoshi esa va’da qilinganidan kam (700 dollar o‘rniga 500 dollar) ekanidan shikoyat qilgan. To‘rt nafar xodimning aytishicha, ular 12 soatlik ish kuniga ega, dam olish kunlari esa noaniq. Ular zavodda ham, yotoqxonada ham doimiy nazorat ostida bo‘ladi. Yana bir ishchiga ko‘ra, uning maoshidan turarjoy, aviabiletlar, tibbiy xizmat va rus tili darslari xarajatlari ushlab qolinadi. Qolgan pullar esa oddiy narsalarga, masalan, avtobus yo‘lkiralarini to‘lashgagina yetadi. Uning ma’lum qilishicha, afrikalik ayollar bilan “eshak kabi” muomala qilinadi va qul sifatida saqlashadi. Bundan tashqari, Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli uylariga pul jo‘natish qiyinlashgan.
Nashr bilan suhbatlashgan barcha ayollar kimyoviy moddalar bilan ishlashi kerakligini, natijada terida qichishadigan “kichik teshiklar” paydo bo‘lganini aytgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Alabuga” Rossiyaning asosiy kamikadze dronlari ishlab chiqaruvchi zavodi hisoblanadi. 2025 yilga kelib, zavod yiliga 6000 ta bunday uchuvchisiz uchar qurilma ishlab chiqarishni rejalashtirgan. BMTning sobiq qurol nazorati inspektori Devid Olbraytning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsad rejalashtirilganidan oldinroq amalga oshgan — aprel oxiriga kelib, zavodda 4500 ta dron tayyor bo‘lgan.
Qayd etilishicha, “Alabuga” Afrikadan, Osiyodan va Janubiy Amerikadan ayollarni qurol-yarog‘ ishlab chiqarish uchun jalb qilayotgan yagona Rossiya zavodi. Ishchi kuchining keskin tanqisligi sharoitida, ko‘plab rossiyaliklar harbiy sanoatga jalb qilingan yoki Ukrainada urishmoqda. Bundan tashqari, ko‘plab odamlar mamlakatni tark etgan bir paytda zavod rahbariyati arzon xorijiy ishchi kuchidan va mahalliy kasb-hunar o‘quv yurtlari talabalaridan foydalanishga majbur bo‘lgan. Hujjatlarga ko‘ra, “Alabuga” xodimlarining soni 2023 yilda 900 kishidan 2024 yilda 2600 kishidan oshgan.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vakili Ravina Shamdasoni Rossiyaning bunday harakatlari agar yollash aldov yo‘li bilan amalga oshirilgan va maqsad ekspluatatsiya bo‘lsa, odam savdosiga oid mezonlarga mos kelishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga yuqori daromad va fuqarolik va’dalari jalb qilingan 150 nafarga yaqin yamanlik Ukraina frontida jang qilayotgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
06 noyabr