Og‘ir demografik vaziyat sabab Rossiyaga migrantlar kerak – Peskov
Olam
−
15:00
6437Rossiya boshqa mamlakatlardan mehnat migrantlariga muhtoj, chunki mamlakat og‘ir demografik vaziyatda turibdi. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Migrantlar – bu zarurat. Biz dunyodagi eng katta mamlakatmiz, ammo aholimiz oz. Dinamik rivojlanish va barcha rejalarni amalga oshirish uchun ishchi qo‘llarga ehtiyojimiz bor. Biz migrantlarni qabul qilamiz”, dedi Peskov.
U, shuningdek, muammo faqat noqonuniy muhojirlarda ekanini ta’kidladi, chunki ularning qonuniy bo‘lmagan holda Rossiyada bo‘lishi diniy ekstremizm tarqalishi xavfini keltirib chiqaradi.
“Migrantlar muammo emas. Muammo – bu noqonuniy migrantlar. Qonun buzilgan muhitda har xil jinoyatchilik, shu jumladan, diniy ekstremizm va narkotik iste’moli kabi xavfli holatlar yuzaga keladi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Saxalin viloyati hukumati muhojirlarga 24 sohada ishlashni taqiqlagan edi. Unga ko‘ra, chet el fuqarolari non ishlab chiqarish, oziq-ovqat chakana savdosi, restoranlarda va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, maktabgacha va boshlang‘ich umumiy ta’lim, xavfsizlik xizmati faoliyati, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi taksisi va haydovchi bilan avtoulovlarni ijaraga olish kabi sohalarda ishlay olmaydi.
LiveBarchasi