Rossiya KXDRga qurol va askar evaziga neft yetkazib berdi
Olam
−
22 noyabr
2773Rossiya 2024 yil martidan beri Shimoliy Koreyaga 1 million barrel, ya’ni 56 ming tonnadan ortiq neft jo‘natdi. Bu haqda Britaniyaning Open Source Center tadqiqot markazi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, BBS xabar berdi.
Yetakchi ekspertlar va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Moskva bu neft bilan Pxenyanga Shimoliy Koreyaning Ukrainaga qarshi kurashda Rossiyaga yordam berish uchun ishlatayotgan qurollari va askarlari uchun to‘lov qilayotganiga ishonchi komil. Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz oy ichida Shimoliy Koreyaning o‘ndan ortiq tankerlari Uzoq Sharqdagi Rossiya neft terminali va Shimoliy Koreya portlari o‘rtasida 43 marta qatnovni amalga oshirgan. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar shuni ko‘rsatadiki, bu tankerlar Rossiyaga bo‘sh ketgan va yuklangan holda qaytib kelgan.
Open Source Center tomonidan hujjatlashtirilgan birinchi parvoz Shimoliy Koreya o‘q-dorilari Rossiyaga jo‘natilgani haqidagi ilk xabarlardan yetti oy o‘tib, joriy yilning 7 mart kuni amalga oshirilgan. Oxirgi parvoz 5 noyabr kuni qayd etilgan, o‘shanda u Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Kursk viloyatiga jo‘natilgani haqida allaqachon ma’lum bo‘lgan edi.
“Bu doimiy neft oqimi Shimoliy Koreyaga sanksiyalar joriy etilganidan beri kuzatilmagan barqarorlik darajasini bermoqda”, degan Ochiq manbalar markazining katta tahlilchisi Jo Byorn.
Shimoliy Koreya yadro qurolini ishlab chiqqani uchun xalqaro sanksiyalar ostida. Mamlakatga yiliga 500 ming barreldan ortiq neft sotib olish taqiqlangan. Shu bilan birga, 1 million barrel yoki 56 ming tonna Rossiya uchun ahamiyatsiz hajm bo‘lib, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir kunda deyarli o‘n barobar ko‘p ishlab chiqariladi. Britaniyaning “The Times” gazetasiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga yiliga 3 millionga yaqin snaryad yetkazib beradi, bu Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi urushda ishlatadigan o‘q-dorilarning yarmini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida Pxenyanga moliyaviy va oziq-ovqat inqirozini yengishga yordam beruvchi bitim imzolangandi. Unga ko‘ra, Rossiya KXDRga qo‘llab-quvvatlagani uchun kompensatsiya sifatida katta miqdorda guruch yetkazib beradi. KXDR yiliga taxminan to‘rt million tonna don yetishtiradi, lekin bu aholini ta’minlash uchun yetarli emas. Chunki, mamlakatda yillik ehtiyoj kamida besh million tonnani tashkil qiladi. Agar Rossiya 600-700 ming tonna guruch taklif qilsa, bu Shimoliy Koreyaning yillik ehtiyojining bir qismini qoplashga yetadi.