Aldab sotilgan hovli mojarosi: “kuyov”ga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
21 noyabr 2025 13363 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahrida bo‘lajak kuyov aldov yo‘li bilan qizning hovlisini sotib yuborgani xabar qilingandi. Bugun, 21 noyabr kuni mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sudlanuvchi yigit Sh.R. (1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlangan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Sh.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Shu bilan birga, sudlanuvchi Sh.R.dan jabrlanuvchilar J.Yu. foydasiga 3 448 701 208 so‘m, S.S. foydasiga 925 769 852 so‘m va J.A. foydasiga 464.672.126 so‘m miqdorida zarar undirilishi belgilangan. Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, “Katta Oqtepa” MFY, Oqtepa ko‘chasi, 5A/3,4-uy yuzasidan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha fuqarolik ish yuritish tartibida murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Bildirilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqlidir.
Shuningdek, sudning alohida ajrimi bilan Sh.R.ga oid jinoyat ishi yuzasidan boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga xabar qilinishi belgilangan. Mazkur ajrimdan norozi tomon o‘n sutka muddat ichida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasiga xususiy shikoyat yoki xususiy protest keltirishi mumkin.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
2024 yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R. (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz)ga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan. Biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga, ya’ni bloger va biznesmen “Sanjik” (Sanjar Karimov)ga 240 ming dollarga sotib yuborgan.
Holat jamoatchilik e’tiboriga tushgach, ushbu hovlining xaridori bo‘lgan taniqli bloger va tadbirkor “Sanjik” (Sanjar Karimov) 240 ming dollarlik uyni bolalar uyiga ehson qilishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi esa bloger turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etmaganini ma’lum qildi.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R. boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan.
Live
Barchasi