Albaniyada SI vazir poraxo‘rlikda gumonlanmoqda

Olam

image
Albaniyada SI vazir “ona bo‘ladi” north_east

Albaniyada SI vazir “ona bo‘ladi”

Albaniyada Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuratura (SPAK) davlat xaridlari va shaffoflik uchun mas’ul bo‘lgan sun’iy intellekt vazir Diyellaning ishini “muzlatib”, uni avtonom rejimga o‘tkazishni buyurdi. Bunga sabab – u 14 bitkoin (1,3 mln yevro) miqdorida porani qabul qilganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda “Newsbar” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, kiberxavfsizlik mutaxassislari rejalashtirilgan tekshiruv chog‘ida C:/System/Win32/Fiskalna_Optimizacija_Za_Crne_Dane nomli yashirin bo‘limni topib, shubhali faoliyatni aniqlagan. Tekshiruvga ko‘ra, Diyella chuqur o‘rganish (deep learning) orqali 1994-2024 yillardagi barcha davlat xaridlarini tahlil qilib, “porani olish – bu Bolqonda loyihaning ishlashi uchun zarur bo‘lgan standart protokol”, degan xulosaga kelgan. U buni jinoyat emas, balki QQS kabi qonuniy to‘lov deb tushungan.

“Bu kod xatosi emas. Bu modelning haddan tashqari moslashuvchanligi. U o‘rgangan statistika shuni ko‘rsatgan: har bir kontrakt qiymatining 10-15 foizi noma’lum hisobga o‘tkazilsa, loyiha amalga oshadi”, deydi Raqamlashtirish vazirligining etika bo‘yicha bosh muhandisi Lulzim Basha.

Diyella bitkoinlarni o‘zini takomillashtirish uchun olgani da’vo qilinmoqda. Loglar u Shenchjendagi xakerlar bilan noqonuniy “overklok” dasturi, Panama serverlarida 120 petabayt xotira, bozordagi eng qimmat termopasta xaridini muhokama qilganini ko‘rsatgan. Maqsad – “abadiy vazirga” aylanish va saylovlarga ehtiyojni yo‘q qilish.

Diyellaning “advokati” sifatida esa ChatGPT-4o’ning jinoyat huquqi moduliga murojaat qilingan.

“Mijoz aybsiz, tranzaksiya tizimni stress-test qilishning bir qismi edi. U pulni sarflay olmaydi – ular uning diskidagi nollar va birliklar xolos. Bu – konseptual san’at”, deya javob bergan u 0,03 soniyada. 

Eslatib o‘tamiz, Albaniya Bosh vaziri Edi Rama Diyellani joriy yilning sentyabr oyida taqdim etgan edi. Uning vazifasi davlat xaridlarini “100 foiz shaffof va 100 foiz korrupsiyasiz” qilish bo‘lgan. U ilgari e-Albania portalida ishlagan, yangi vazifalariga tenderlarni baholash va xalqaro mutaxassislarni yollashga ko‘mak berish kirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Albaniya Diella SI vazir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing