Albaniyada SI vazir “ona bo‘ladi”
Olam
−
27 Oktabr 11970 1 daqiqa
Albaniyada dunyodagi eng birinchi piksel va kodlardan tuzilgan, sun’iy intellekt orqali ishlaydigan virtual vazir “Diyella”ning endi bolalari ham paydo bo‘ladi. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Albaniya Bosh vaziri Edi Rama parlamentdagi har bir Sotsialistik partiya a’zosi uchun bittadan 83 nafar yordamchi yaratilishini aytgan.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, “bolalar”, ya’ni yordamchilar parlamentda sodir bo‘layotgan hamma narsani yozib oladi va qonun chiqaruvchilarni ular o‘tkazib yuborgan muhokamalar va voqealar haqida xabardor qiladi.
“Biz bu ishda tavakkal qildik va menimcha, yaxshi ish qildik. “Diyella”ning endi 83 nafar farzandi ham bo‘ladi”, deydi Bosh vazir.
SI vazir ham bu haqda fikr bildirib, uning maqsadi amaldorlarning o‘rniga bolalarini tayinlash emas, balki ularning yanada samarali ishlashiga yordam berish ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamchilar korrupsiya xavfini va potensial inqirozlarni faol ravishda aniqlay oladi.
Qayd etilishicha, tizim 2026 yilning oxirigacha to‘liq ishga tushishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Albaniyada parlament yig‘ilishi chog‘ida virtual vazir “Diyella”ning nutqi muxolifat deputatlarining salbiy munosabatini keltirib chiqargan va ular stollarni urib, Bosh vazirga shishadan ishlangan konstitutsiyani uloqtirgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi