Britaniyalik sportchi ruhiy salomatlik uchun 1 700 km yugurdi
Olam
−
11:26 456 2 daqiqa
Britaniyalik sportchi Nik Kouts Albaniyadan yo‘lga chiqib, 37 kun ichida qariyb 1 700 kilometr masofani bosib o‘tdi va Turkiyaning Urgyup tumaniga yetib bordi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kouts sentyabr oyining birinchi haftasida Albaniyadan yugurishni boshlagan. U Gretsiya orqali Turkiyaga yetib borgan. Sportchi Urgyup shahrida hafta oxirida o‘tkaziladigan “Salomon Kapadokia Ultra Trail” musobaqasida qatnashish uchun ham borgan.
Kouts Urgyup shahridagi Respublika maydonida shahar hokimi Ali Ertug‘rul Bul, musobaqa tashkilotchisi Aydin Ayxan Gyuney hamda “Salomon” kompaniyasining Turkiyadagi vakillari tomonidan kutib olingan.
Britaniyalik sportchi safar davomida ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan qiyin vaziyatlarga duch kelganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u har kuni o‘rtacha 45-50 kilometr yugurgan. Ayniqsa, so‘nggi kun og‘ir kechgan.
“Oxirgi 20 kilometrda kuchim tugayotganini his qildim. Bir devor ustiga o‘tirib, endi davom eta olmasligimni o‘yladim. Biror narsa yeb, suv ichdim va biroz dam oldim. Keyin yana yo‘lga tushdim va nihoyat maqsadimga yetdim”, deydi Kouts.
U safar davomida oilasi va do‘stlaridan katta yordam olganini, shuningdek, Turkiya, Gretsiya va Albaniyada o‘zi tanimaydigan insonlar ham unga ko‘maklashganini bildirgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi tabrik va qo‘llab-quvvatlash xabarlari ham sportchini ta’sirlantirgan.
Ma’lumot uchun, Nik Kouts shanba kuni “Salomon Kapadokia Ultra Trail” musobaqasining 119 kilometrlik masofasida ishtirok etadi. Uning Albaniyadan Turkiyagacha bo‘lgan yugurishi “Unbound – Sessizliği Kır” (“Sukutni buz”) shiori ostida ruhiy salomatlik muammolariga e’tibor qaratish va o‘z joniga qasd qilishning oldini olish maqsadida tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 34 yoshli irlandiyalik Eymon Kivni Istanbuldan Irlandiyagacha oyoq kiyimsiz 6 805,83 kilometr yo‘l bosib, eng uzoq yalangoyoq sayohat bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgani haqida xabar berdi.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr