Albaniyadagi hukumatga qarshi namoyishlar boshqa shaharlarga ham yoyildi

Olam

−

image

Albaniyada hukumatga qarshi talabalar namoyishlari poytaxt Tiranadan boshqa shaharlarga ham tarqalib, to‘qnashuvlar oqibatida 89 kishi shifoxonada tibbiy yordam oldi va o‘nlab namoyishchilar qo‘lga olindi. Namoyishchilar Bosh vazir Edi Ramaning iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 oktyabr kuni Tirana shahrida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida ketma-ket uchinchi kun to‘qnashuvlar yuz bergan. Aksiyalar mamlakat shimoli-g‘arbidagi Shkoder hamda janubdagi qirg‘oqbo‘yi shaharlarida ham o‘tkazilgan.

Shkoderda namoyishchilar meriya binosining derazalarini sindirgan, hukmron Sotsialistik partiya va muxolifatdagi Demokratik partiya ofislariga tosh otgan. Korcha shahrida esa maktab binolarining derazalari sindirilib, ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan. Tiranada ayrim namoyishchilar do‘konlar oynalarini sindirib, barrikadalar o‘rnatgan va chiqindi qutilariga o‘t qo‘ygan. Politsiya ularga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Namoyishchilar Albaniya Bosh vaziri Edi Rama iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Ular hukumatdan ta’lim sharoitlarini yaxshilash, talabalar duch kelayotgan muammolarni hal etish va mamlakatda real o‘zgarishlar qilishni so‘ramoqda. Talabalar, ayniqsa, o‘qish to‘lovlarining yuqoriligi va universitetlardagi sharoitlardan norozi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 14 oktyabr kuni namoyishlar davomida 65 kishi huquq-tartibot xodimlari, davlat idoralari, jamoat muassasalari va xususiy mulkka hujum qilishda gumonlanib qo‘lga olingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa shu kuni 89 kishi tibbiy yordam olganini ma’lum qilgan. Ularning 61 nafari politsiya xodimlari bo‘lgan.

Bosh vazir Edi Rama namoyishlar vaqtida yuz bergan zo‘ravonliklarda muxolifatni ayblagan. U Tiranadagi universitet kampusi hududida joylashgan, yong‘indan zarar ko‘rgan bino qoldiqlarini ko‘zdan kechirganini aks ettiruvchi videoni e’lon qilgan. Rama binoga talabalar zarar yetkazganiga ishonmasligini bildirgan va tartibsizliklarda qatnashganlar javobgarlikka tortilishini aytgan.

Ma’lumot uchun, Albaniyada hukumatga qarshi namoyishlar may oyi oxiridan beri davom etmoqda. Noroziliklarga qirg‘oqbo‘yi muhofaza etiladigan tabiiy hududda hashamatli mehmonxona qurish rejalari ham sabab bo‘lgan. Loyiha AQSH Prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner bilan bog‘liq. Bu rejalar hokimiyatdagi ehtimoliy korrupsiya va qarorlar qabul qilish jarayonining shaffof emasligi yuzasidan tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Albaniyada ta’lim sifati, oliy ta’lim xarajatlari va ish bilan ta’minlanish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan talabalar namoyishi to‘qnashuvlar bilan yakunlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing