Al-Jo‘loniy Suriya ikkinchi Afg‘onistonga aylanmasligini aytdi
Olam
−
11:22
3925Suriyada prezident Bashar Asad rejimini ag‘dargan “Hayat Tahrir ash-Shom” rahbari Abu Muhammad al-Jo‘loniy Suriya ikkinchi Afg‘onistonga aylanmasligini ta’kidladi. Bu haqda u BBC nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Suriyaning rasmiy rahbari al-Jo‘loniy mamlakat urushdan charchagani va o‘zining qo‘shnilariga ham, G‘arbga ham tahdid solmasligini aytdi. U bergan intervyusida Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni so‘radi.
U HTSHni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirdi. Guruhni bu ro‘yxatga BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar kiritgan. HTSH o‘z faoliyatini 2016 yilda “Al-Qoida”dan (bu ham terroristik tashkilot sifatida tan olingan va taqiqlangan) ajralib chiqqan holda boshlagan. Al-Jo‘loniy “Hayat Tahrir ash-Shom”ni terroristik guruh deb hisoblamasligini aytdi.
Uning aytishicha, ular 7 yildan beri hokimiyatni qo‘lga kiritishga uringan, ammo ular tinch aholi yoki fuqarolik hududlariga hujum qilmagan. Aslida, ular o‘zlarini Asad rejimining jinoyatlaridan jabr ko‘rganlar deb hisoblagan.
Shuningdek al-Jo‘loniy Suriyani Afg‘onistonga o‘xshatish haqidagi shubhalarni rad etgan. HTSH yetakchisi bu mamlakatlar juda farqli va turli an’analarga ega ekanini ta’kidladi. “Afg‘oniston – qabila jamiyati”. Suriyada esa, Al-Jo‘loniyga ko‘ra, boshqacha mentalitet mavjud. Xususan, u ayollar ta’limi zarurligiga ishonishini bildirdi.
“Idlibdagi universitetlarimiz sakkiz yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritmoqda. Fikrimcha, bu universitetlarda ayollarning ulushi 60 foizdan yuqori”, deydi u.
U Suriyada spirtli ichimliklar ruxsat etiladimi, degan savolga shunday javob berdi:
“Gapira olmaydigan ko‘p narsalar bor, chunki bular huquqiy masalalar hisoblanadi”.
Al-Jo‘loniy Suriyada huquqshunoslardan iborat qo‘mita tashkil etilib, u yangi konstitutsiyani ishlab chiqishini aytdi:
“Qaror qabul qilish ularning vazifasi. Har qanday hukmdor yoki prezident qonunga bo‘ysunishi shart”, deydi u.
LiveBarchasi