Alvares “Atletiko” navbatdagi uchrashuvida o‘ynamaydi – Simeone
Sport
−
17:21 271 2 daqiqa
“Atletiko Madrid” bosh murabbiyi Diyego Simeone hujumchi Xulian Alvares La Liganing “Sevilya”ga qarshi o‘yinida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Bu haqda murabbiy o‘yin oldi matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.
“Barcha savollar Xulian haqida bo‘lishini tushunaman. Ammo hozir mening butun e’tiborim “Sevilya”ga qarshi o‘yinga qaratilgan. Shubhasiz, Xulian u yerda bo‘lmaydi. Biz ikki o‘yinda g‘alaba qozonib, o‘ziga ishonchi yuqori bo‘lgan raqibga qarshi maydonga chiqamiz”, deydi Simeone.
Argentinalik hujumchi ketma-ket uchta mashg‘ulotni o‘tkazib yubordi. “Atletiko Madrid” bosh direktori Migel Marin buning sababi futbolchi hayotidagi “shaxsiy va professional jihatdan juda-juda murakkab vaziyat” bilan bog‘liqligini aytgan.
“Xulian juda jiddiy vaziyatga tushib qolgan. Chunki uni aldashga va chalg‘itishga urinayotgan odamlar bor. U ajoyib professional va yuqori saviyadagi futbolchi, ammo hozirda juda qattiq chalkash holatda”, deydi Marin.
Alvares bilan bog‘liq mojaro joriy yilning may oyida “The New York Times” nashri “Barselona” futbolchi bilan shartnoma imzolash bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berganidan keyin avj oldi. Keyinchalik bu harakat “Barselona” prezidenti Joan Laporta tomonidan ham tasdiqlangan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Kataloniya klubi futbolchi uchun 100 million yevroli rasmiy taklif tayyorlayotgan edi. Shundan so‘ng “Atletiko Madrid” “Barselona”ning argentinalik hujumchini o‘z safiga jalb qilishga urinishlari yuzasidan Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasiga (RFEF) shikoyat qildi.
Natijada RFEF “Barselona”ga qarshi intizomiy ish qo‘zg‘atdi. Kataloniya klubi “Atletiko” bilan 2030 yilgacha shartnomasi amal qiladigan Alvares bilan ruxsatsiz aloqa qilganlikda ayblandi.
Joriy yilning iyun oyida “Atletiko Madrid” Alvaresni “Real”ga 150 million yevroga sotishdan bosh tortgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Live
Barchasi