Aktrisa Amanda Bayns ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi
Madaniyat-san’at
−
22 mart 2023
13759“U – erkak” va “Qizaloq nimani xohlaydi?” kabi filmlardagi roli bilan tanilgan amerikalik aktrisa Amanda Bayns ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Bu haqda TMZ nashri xabar berdi.
36 yoshli aktrisa ko‘chada yalang‘och holda topilganidan keyin klinikaga yotqizilgan. Qiz o‘tib ketayotgan mashinani to‘xtatgan va haydovchiga psixozni boshdan kechirayotganini aytgan. Keyin u 911 (tez yordam) raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Bayns politsiya bo‘limiga olib borilgan va u yerda aktrisaning ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislar tomonidan statsionar davolanishi kerakligi aytilgan. Manbalarga ko‘ra, aktrisa bir necha kun shifoxonada bo‘ladi.
Bayns o‘tmishda ruhiy salomatlik va giyohvand moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq muammolar bilan kurashgan. U 2013 yilda qo‘shnisining uyiga o‘t qo‘ygani uchun ham shifoxonaga joylashtirilgan. Aktrisaning onasi keyingi to‘qqiz yil davomida uning sog‘lig‘i va xavfsizligini nazorat qilgan.
Ma’lumot uchun, Amanda Bayns “U – erkak”, “Oroldagi muhabbat”, “Qizaloq nimani xohlaydi?” singari filmlarda bosh rolni ijro etgan. Shuningdek, “Forsaj 9”, “A olish oson”, “Mamma mia” singari mashhur filmlarda epizodik rollarda qatnashgan.
Javohir Qadamov