Adliya vazirligi pullarni qaytarishda Gulnora Karimovaning roli yo‘qligini aytmoqda
Jamiyat
−
18 mart 2020
13685Avvalroq, O‘zbekiston Respubliksining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va u tuzgan jinoiy guruh a’zolariga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Adliya vazirligi bungacha hech qayerda e’lon qilinmagan jinoiy ish qanday asosda ochilgani yuzasidan ma’lumot berdi. Shuningdek, vazirlik Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ma’lumot berdi.
“2019 yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan O‘zbekiston Respubliksining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan olib borilgan tergov harakatlari bilan qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushdi. Bu esa yangidan ochilgan holatlar bo‘yicha yangi jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘ldi.
Tergov Gulnora Karimova o‘ziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, jinoiy uyushmaga rahbarlik qilganligi, respublikaning sanoat korxonalarida faoliyat yuritib, unga jinoiy yo‘l bilan orttirilgan daromaddan ulush berib turgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, jinoiy ish materiallariga ko‘ra, Gulnora Karimova fuqarolarga va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘li bilan ularning mulklarini o‘ziga qarashli kompaniyalarga qayta rasmiylashtirib berishga majburlagan.
Ish bo‘yicha tergov davomida Gulnora Karimovaning qonuniy huquq va manfaatlarini u va uning yaqin qarindoshlari tomonidan jalb etilgan 7 nafar advokat himoya qildi. Bundan tashqari, barcha tergov harakatlarida advokatlarning ishtiroki ta’minlandi va ularning hech qanday cheklovlarsiz Gulnora Karimova bilan xoli uchrashishiga imkoniyat yaratib berildi.
Tergov tadbirlari davomida O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligining buzilishiga, shuningdek gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
2020 yil 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida G. Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.
Oldin ko‘rilgan jinoiy ishlar, shuningdek, so‘nggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trln so‘m va 165 mln AQSH dollarini tashkil etdi”, deyiladi Adliya vazirligining axborotida.
Vazirlik Gulnora Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirib. Xorijiy davlatlarga oilb chiqib ketgan mablag‘larni qaytarishdga Karimovaning o‘zi yoxud boshqa biror oila a’zosining hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.
“Gulnora Karimovaga oid xabarlarda mulklarni qaytarish masalasi yana ko‘tariliyotganligi munosabati bilan Adliya vazirligi Gulnora Karimovaga nisbatan boshqa davlatlarda ham tergov harakatlari olib borilayotganligini eslatib o‘tishni joiz deb hisoblaydi. Ushbu ishlar bo‘yicha Gulnora Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mablag‘larni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urganlikda ayblanmoqda.
Xorijiy davlatlarda olib borilayotgan tergov materiallari va rasmiy manbalarda keltirilishicha, Gulnora Karimova va unga aloqador shaxslar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa davlatlarda jinoiy yo‘l bilan bilan orttirilgan mablag‘larni yuvish bo‘yicha noqonuniy korrupsion sxemalar amalga oshirilgan.
Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.
Xususan, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular anchadan buyon Gulnora Karimova (uning oila a’zolari)ning tasarrufida emas”, deya qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonga mulklarni Gulnora Karimovaning o‘zi qaytarganligi yoki qolgan mulklar bevosita Gulnora Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ta’kidlar huquqiy asosga ega emas, shu bois haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.