Aktyor Matyoqub Matchonov tanishini haqorat qilgani uchun jazolandi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov tanishini haqorat qilgani uchun jarimaga tortildi. QALAMPIR.UZ sud qarori bilan tanishdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, joriy yilning 15 yanvar kuni Matchonov Kinematografiya agentligi binosida bo‘la turib, jabrlanuvchi E.Yu.ni o‘tkazilayotgan tadbirga xalal berishi vaji bilan binoga kiritmasligi yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida turli so‘zlar bilan haqorat qilib, uning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan.

Bugun, 22 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida holat yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida aktyor E.Yu.ni ancha yillardan buyon tanishini, uning arizasiga asosan agentlikda tekshirish olib borilayotganidan xabari borligini, E.Yu. o‘z arizasida uni Badiiy kengash a’zosi sifatida davlat buyurtmasi asosida tasvirga olingan kinolarda rol ijro etgani va bu holat manfaatlar to‘qnashuvi ekanini ko‘rsatib o‘tganini aytgan.

Aktyorning aytishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni E.Yu. agentlikka kelgan va shu yerda turgan qorovullar uni ichkariga kiritmagani uchun ular bilan tortishgan. Shunda u tadbirga xalal bermasligi uchun unga bu yerdan chiqib ketishini aytib, jahl ustida E.Yu.ni haqorat qilgan.

Bu holat bo‘yicha undan kechirim so‘rashini, holat bunchalik bo‘lib ketishini bilmaganini, sababi jabrlanuvchini ukasidek ko‘rib, unga hazil-huzul qilgan paytlari bo‘lganini sudga so‘zlab bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, E.Yu.ni ariza yozganini eshitganida, uning bunday ish qilishi xayoliga ham kelmaganini, shu sababli jahli chiqqanini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan.

Sud qaroriga asosan, aktyorga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) bilan kodeksning 33-moddasi (yengilroq ma’muriy jazo chorasining qo‘llanilishi) qo‘llagan holda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari – 1 million 125 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Sud Matyoqub Matchonov Aktyor Kinematografiya agentligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing