Sport uchun sinovli hafta – Sport dayjesti

Tahlil

Bugun orziqib kutilgan Osiyo kubogi, O‘zbekistonda tengsiz bo‘lgan albaniyalik futbolchi, 2023 yilning eng daromadli shaxmatchilaridan bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov va katta brend bilan shartnoma tuzgan Abduqodir Husanov haqida gaplashamiz. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti

“Kalila va Dimna” jonlangan marosim. Qatar yana dunyoni qoyil qoldirdi

12 yanvar kuni 4 yilda bir marotaba o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa mezboni Qatar va Livan terma jamoalari o‘rtasidagi orziqib kutilgan ochilish to‘qnashuvi oldidan “Lusail” stadioni butun qit’adan kelgan muxlislarni ajoyib atmosfera bilan qarshi oldi.

Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol-Soniy ishtirok etgan marosim qadimiy ertak asosidagi “Kalila va Dimnaning yo‘qolgan bo‘limi” nomli ajoyib teatrlashtirilgan tomosha bilan boshlandi.

Til va chegara bilmas Osiyoning turli madaniyatlari o‘rtasidagi do‘stlikni namoyish etgan spektakldan so‘ng Qatar terma jamoasi sardori Hasan Al Haydos futbolchilarning qasamyodini qabul qildi.

Marosimda Falastin-Isroil mojarosi ham e’tibordan chetda qolmadi. Al Haydos qasamyod qabul qilib bo‘lgach, mikrofonni Falastin terma jamoasi sardori Musab Al-Battatga uzatdi. Tadbirda Falastin milliy madhiyasining yangragani ham arab xalqlarining o‘zaro hamjihatligiga ishora qildi. 

Marosim livanlik qo‘shiqchi Abeer Nehmening chiqishiga ulanib ketdi. Badiiy chiqishlaridan so‘ng maftunkor mushaklar shousi stadiondagi atmosferani yanada jonlantirdi.

Nihoyat Osiyo kubogining dastlabki o‘yiniga start berildi. Qatar terma jamoasining ustunligida o‘tgan bahs yakunda 3:0 hisobi bilan yakunlandi. Mezbonlar safida gollarga Akrom Afif va Almoyez Ali mualliflik qildi. 
Ma’lumot uchun, Osiyo kubogi bahslari 10 fevralga qadar bo‘lib o‘tadi.

Nodirbek Abdusattorov 2023 yil eng ko‘p daromad qilgan shaxmatchilar o‘ntaligiga kirdi

Xalqaro toifadagi grossmeyster, 19 yoshli Nodirbek Abdusattorov 2023 yilda 12 ta musobaqada ishtirok etib, 190 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega chiqdi.

Yil davomida jahonning eng ko‘p daromad qilgan shaxmatchisi xitoylik grossmeyster Din Lijen bo‘lgan. U 2023 yil davomida turnirlardan 1 228 200 AQSH dollari miqdorida pul ishladi.

Ikkinchi o‘rindan 1 226 825 AQSH dollari daromad ko‘rgan rossiyalik Yan Nepomnyashiy joy oldi  Uchinchi  o‘rinni esa 705 155 AQSH dollari bilan Magnus Karlsen  band etdi. 

Ayollardan, xitoylik Szyuy Venszyun 354 581 AQSH dollari va  Ley Tinsze 257 171 AQSH dollari bilan ushbu ro‘yxatga kiritildi.

Shuningdek, o‘ntalikda amerikalik Xikaru Nakamura 284 527 AQSH dollari bilan 7-o‘rinni egalladi.

Afsonaviy nemis futbolchisi vafot etdi

Futbol bo‘yicha jahon chempioni va ikki karra “Oltin to‘p" sohibi Frans Bekkenbauer 79 yoshida vafot etdi. 
“Bavariya” va Germaniyaning sobiq futbolchisi shu yilning 7 yanvar kunida hayotdan ko‘z yumdi.

“Biz chuqur qayg‘u bilan e’lon qilamizki, Frans Bekkenbauer yakshanba kuni uyqusida, oilasi qurshovida tinch hayotdan ko‘z yumdi”, deyiladi manba xabarida.

Futbolchi Germaniya terma jamoasi tarkibida 1974 yilgi jahon chempionati va 1972 yilgi Yevropa chempioni bo‘lgan. “Bavariya”da o‘ynab, to‘rt marta Germaniya chempionligini qo‘lga kiritgan va 3 karra yevrokubokda g‘olib bo‘lgan.

Taniqli amerikalik bokschi Putinning “o‘g‘li”ga aylandi

Amerikalik taniqli bokschi Kevin Jonson Rossiya fuqaroligini oldi. 

Jonson 2023 yil sentyabrda Rossiya fuqaroligi uchun ariza bergan. Sportchi Samarada yashashni xohlagani uchun ushbu qarorga kelgani aytilmoqda. Keyinchalik Jonsonning Samarada uy-joy olish uchun ipoteka kreditini rasmiylashtirgani ham ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, bokschi Putin sharafiga Vladimirovich sharifini tanlagan.

Ma’lumot uchun, Jonson 44 yoshda, u professional ringda 60 ta jang o‘tkazgan, shulardan 36 tasida g‘alaba qozongan (20 tasi nokaut bilan), 22 tasida mag‘lubiyatga uchragan, 2 ta jang durang bilan yakunlangan. 2009 yil dekabr oyida amerikalik bokschi Jahon boks kengashining og‘ir vazn toifasidagi chempionlik unvoni uchun jangda ukrainalik Vitaliy Klichkoga yutqazdi. Ukrainalik sportchi esa o‘z faoliyatidagi 39-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. 2017 yilda Jonson italiyalik Franchesko Pianetani texnik nokaut bilan mag‘lub etib, Xalqaro boks tashkiloti talqiniga ko‘ra chempion unvonini qo‘lga kiritdi, biroq keyingi yili xorvatiyalik Petar Milasga texnik nokaut bilan yutqazib, kamarni himoya qila olmadi.

WBC nominatsiyasiga Bahodir Jalolovning nomzodi qo‘yildi

O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov Butunjahon boks kengashi (WBC) tomonidan istiqbolli bokschi nominatsiyasi bo‘yicha nomzodlar qatoriga kiritildi. 

Mazkur nominatsiya yil davomida o‘z iste’dodini ko‘rsatib, katta o‘sishga erishgan bokschilarga taqdim etildi.
Bahodir Jalolovdan tashqari sovrin uchun irlandiyalik Kallum Valsh, meksikalik Xose Salas, amerikalik Richard Torres va Floyd Shofiyeld hamda Gvatemala vakili Lester Martinez da’vogarlik qilmoqda.

G‘olib sportchi nomi ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Hozirda WBC'ning Instagram sahifasida ovoz berish jarayonlari ketmoqda.

“Har yili minglab iste’dodli yulduzlar bizga o‘zlarining qobiliyatini namoyish etadi va ulardan bittasini tanlash qiyin. Bular bizning yakuniy oltitaligimiz va siz ushbu bokschilardan birini tanlashingiz mumkin", deyiladi tashkilot xabarida.

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov ortda qolgan 2023 yilda profboksda jami 2 ta jang o‘tkazib, har ikkisda raqiblaridan ustun keldi.

Umar Kremlev Rossiyada eng yaxshi sport rahbari bo‘ldi

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlev Rossiyaning eng yaxshi sport rahbari sovrini uchun ovoz berishda g‘alaba qozondi. 

Manbaga ko‘ra, ovoz berish jarayonlarida faqatgina Rossiya fuqarolari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan.

Qizg‘in kechgan qarama-qarshilikda Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti taniqli murabbiy, hozirda Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi rahbari Irina Vinnerni ortda qoldirdi. Kremlev ovoz berish jarayonlarida 26,2 foiz ovoz oldi. Reytingda 3-o‘rinni Rossiya Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Pavel Rojkov egalladi.
Qayd etish joiz, Umar Kremlev turli mamlakatlar va qit’alarning boks federatsiyalarini birlashtirishga qaratilgan xalqaro faoliyati, shuningdek, Rossiya sportidagi faol ta’lim va xayriya ishlari bilan mashhur.
Mane o‘zidan 13 yosh kichik qizga uylandi

Joriy yilning 7 yanvar kunida Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubining senegallik hujumchisi Sadio Mane 18 yoshli Oysha Tambaga uylandi. 

Oysha 31 yoshli futbolchining o‘smirlik yillaridagi sevgilisi bo‘lgan. U rafiqasi bilan Senegalda 16 yoshida uchrashgan.

Qizig‘i shundaki, “Al-Nasr” yulduzi maktabda o‘qib yurgan paytlarida Oysha Tambaning barcha to‘lovlarini to‘lagan.
Ma’lumot uchun, Sadio Mane joriy mavsum “Al-Nasr” safida 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilga qadar mo‘ljallangan. “Transfermarkt”ga ko‘ra, futbolchining qiymati 20 million yevroni tashkil etadi.

O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi aniqlandi

“Andijon” futbol klubining albaniyalik futbolchisi Rubin Hebayga O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi sovrini topshirildi. 

”Liga 8 oy davomida oyning eng yaxshilarini o‘ziga xos uslubda aniqlab keldi. Ovoz berish jarayonida 18 nafar mustaqil ekspertlar ishtirok etdi. Mana shu ovozlar jamlanmasidan kelib chiqib, yilning eng yaxshisi aniqlandi”, deyiladi manba xabarida.

Hebay sovrin uchun kurashda 92 ochko to‘plab, “Metallurg” a’zosi Zabihillo O‘rinboyev va “Qizilqum” futbolchisi Islom Kenjaboyevni ortda qoldirdi. O‘rinboyev sovrin uchun kurashda 81 ochko to‘plagan bo‘lsa, Kenjaboyev 71 ochkoga ega bo‘ldi. 

Ma’lumot uchun, Hebay o‘tgan mavsum O‘zbekiston chempionatida 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning “Andijon” bilan amaldagi shartnomasi shu yil oxiriga qadar amal qiladi.
Puma kompaniyasi o‘zbekistonlik futbolchi bilan hamkorlik qilyapti

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi a’zosi Abduqodir Husanov sport kiyim-kechaklari ishlab chiqaradigan mashhur Puma kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Bu haqda Husanovning o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.

“Yangi sarguzasht boshlanadi”, deb yozib qoldirdi futbolchi. 

Shunday qilib, Husanov O‘zbekiston tarixida birinchi marta yirik sport kompaniyaning ambassadoriga aylandi. 
Qayd etish joiz, Puma ko‘pgina mashhur futbolchilar bilan shartnomaga ega. Kompaniya Neymar, Luis Suares, Antuan Grizmann va boshqalar bilan hamkorlik qiladi. 

Ma’lumot uchun, 19 yoshli Abduqodir Husanov “Lans” klubiga o‘tgan yili yozda ko‘chib o‘tdi. Hozirga qadar o‘zbekistonlik futbolchi Fransiya klubi safida 7 ta o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi.

Bu ortda qolayotgan hafta sportiga oid eng muhim yangiliklar edi. Sahifalarimizni kuzatishda davom eting. Salomat bo‘ling.


Maqola muallifi

Teglar

sport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing