AQSHning urushi 1 mln kishining “yostig‘ini quritdi”

Olam

image

Tadqiqotlarga ko‘ra, 2001 yil 11 sentyabrdan beri AQSH tomonidan boshlangan harbiy amaliyotlar davomida qariyb 1 million kishi halok bo‘lgan. Operatsiyalar chorak asr davomida dunyoning turli hududlarida olib borilgan. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

2001 yil 11 sentyabr kungi terrorchilik hujumlaridan so‘ng Vashington “terrorizmga qarshi global urush” siyosatini boshladi. Shundan keyin AQSH Afg‘oniston, Iroq, Yaman, Pokiston, Somali, Liviya, Suriya, Venesuela, Nigeriya va Eron hududlarida turli ko‘rinishdagi harbiy zarbalar va operatsiyalarni amalga oshirdi.

Mazkur harbiy amaliyotlar turli Prezidentlar davrida davom etgan. Ular Jorj Bush prezidentligi davrida boshlangan bo‘lsa, keyinchalik Barak Obama va Donald Tramp ma’muriyatlari davrida ham turli shakllarda davom ettirilgan. Operatsiyalar ayrim hududlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy aralashuv, boshqa joylarda esa dron zarbalari yoki maxsus operatsiyalar orqali amalga oshirilgan.

Braun universiteti huzuridagi Watson xalqaro va jamoat ishlari instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2001 yildan buyon ushbu urushlarga qariyb 5,8 trillion dollar sarflangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, urushlarda qatnashgan harbiylar uchun keyingi yillardagi tibbiy xizmat va ijtimoiy ta’minot xarajatlari ham qo‘shilsa, umumiy summa 8 trillion dollargacha yetishi mumkin.

Shuningdek, universitetning tadqiqoti “Costs of War” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH boshchiligidagi urushlar oqibatida taxminan 940 ming kishi halok bo‘lgan. Bu raqamga faqat jangovar harakatlar, bombardimonlar va qurolli to‘qnashuvlar oqibatida vafot etganlar kiritilgan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, urushlar sabab yuzaga kelgan oziq-ovqat tanqisligi, tibbiy xizmat yetishmasligi, kasalliklar va boshqa ijtimoiy muammolar tufayli yuzaga kelgan bilvosita o‘limlar bu statistikaga kiritilmagan. Shu bois, halok bo‘lganlarning soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eronga qarshi urushda qanday qurollardan foydalanayotgani haqida xabar berilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Venesuela Eron Iroq global urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing