AQSH Eronga qarshi qanday qurollardan foydalanyapti?
Olam
−
15:33 4794 3 daqiqa
AQSH va Eron o‘rtasidagi uzoq davom etgan qarama-qarshilik yangi bosqichga o‘tdi. Joriy yilning 28 fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi ochiq harbiy harakatlarni boshladi. Ushbu operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlandi. Prezident Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, mazkur operatsiya to‘rt-besh hafta davom etishi mumkin.
AQSHning maqsadi nima?
28 fevral kuni Tramp AQSH Isroil bilan birga Eronga qarshi yirik jangovar operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Pentagon bu amaliyotni “Epik g‘azab” deb atadi. AQSH harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya davomida Erondagi 1250 dan ortiq nishonga zarba berilgan, Eronning 11 ta harbiy kemasi yo‘q qilingan. Hujumlar havo, dengiz va uzoq masofali raketalar orqali amalga oshirilmoqda. Nishonlar orasida Eronning yadroviy ob’ektlari, raketa sanoati va mudofaa tizimi bilan bog‘liq yuqori lavozimli shaxslar bor. AQSHning asosiy maqsadi – Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishini oldini olish va uning raketa sanoatini vayron qilishdan iborat.
2023 yildan beri sarflagan mablag‘lar
Braun universitetining urush xarajatlari hisobotida qayd etilishicha, 2023 yil 7 oktyabrdan beri AQSH Isroilga 21,7 milliard dollar harbiy yordam ko‘rsatgan. AQSHning Yaman, Eron va Yaqin Sharqdagi operatsiyalarga 9,65–12,07 milliard dollar sarflagani taxmin qilinmoqda. Shu bilan umumiy xarajat 31,35–33,77 milliard dollarga yetgan. Bu summa yana oshishi kutilmoqda.
Hozirgi urush qanchaga tushishi mumkin?
Mutaxassislarning aytishicha, urushning umumiy qiymatini aniq aytish imkonsiz. Chunki, harbiy operatsiyalar ko‘p qismlardan iborat. Qurollar va raketa zaxiralari esa cheklangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Epik g‘azab” operatsiyasining dastlabki kuni taxminan 779 million dollarga tushgan bo‘lishi mumkin. Operatsiyadan oldingi tayyorgarlik, jumladan, samolyotlar va 10 dan ortiq dengiz kemalarini joylashtirish esa 630 million dollarni tashkil qilgan. Bitta aviatashuvchi hujum guruhini saqlash kuniga 6,5 million dollarga tushadi. Agar urush bir necha hafta davom etsa, umumiy xarajatlar bir necha milliard dollarga yetishi mumkin.
Qanday qurollar ishlatilmoqda?
“Epik g‘azab” operatsiyasida 20 dan ortiq turdagi qurol tizimi ishlatilmoqda.
Havo kuchlari:
B-1 va B-2 bombardimonchilari;
F-35 Light’ning II va F-22 Raptor qiruvchi samolyotlari;
F-15, F-16, F/A-18 va A-10 samolyotlari;
EA-18G Grovler.
Dronlar va uzoq masofali zarba tizimlari:
MQ-9 Reaper dronlari;
LUCAS dronlari;
M-142 HIMARS raketa tizimi;
Tomahavk qanotli raketalari.
Raketaga qarshi mudofaa:
Patriot va THAAD tizimlari.
Dengiz kuchlari:
USS Gerald R Ford va USS Abraham Linkoln aviatashuvchi guruhlari;
P-8 Poseidon dengiz patrul samolyotlari;
Logistika va yoqilg‘i ta’minoti uchun S-17, S-130 va tankerlar.
Asosiy xavotir nimada
Mutaxassislar moliyaviy tomondan AQSHning urushga chidamliligi yuqori deb hisoblaydi. AQSHning yillik mudofaa byudjeti 1 trillion dollardan oshadi. Biroq ayrim ekspertlar hozirgi operatsiyani uzoq vaqt davom ettirish imkonsiz ekanini, chunki raketa va boshqa qurollarning zaxiralari kamayishini taxmin qilmoqda.
Live
Barchasi