AQSHning Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun tuzilgan guruhi tugatildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga nisbatan bosim choralarini ishlab chiqish uchun tuzilgan maxfiy idoralararo guruh faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda 3 nafar amerikalik rasmiyga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, ushbu guruh joriy yil bahorida ish boshlagan. Uning tarkibiga AQSH Davlat departamenti, Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi (Pentagon) va razvedka idoralari vakillari kirgan. Guruh faoliyati AQSH Milliy xavfsizlik kengashi xodimlari tomonidan muvofiqlashtirilgan.

Biroq “Reuters” suhbatdoshlariga ko‘ra, yozga kelib Tramp ma’muriyati Rossiya bilan qarama-qarshilikni kuchaytirishga qiziqmasligi ayon bo‘lgan.

“Oxir-oqibat hamma bu ishni sekinlashtirdi, chunki Prezident bu yerda yo‘q edi”, degan rasmiylardan biri.

Guruh faoliyatiga yakun yasagan asosiy omil – Milliy xavfsizlik kengashi tarkibidagi Ukrainaga doir masalalar bilan shug‘ullangan butun jamoaning ishdan bo‘shatilishi bo‘lgan. Bu keng ko‘lamli kadrlarni tozalash doirasida amalga oshirilgan.

Nashr manbalariga ko‘ra, bu guruh mavjudligi haqida ommaga ma’lumot berilmagan. Trampning o‘zi ham ushbu guruh tuzilgani yoki tarqatilganidan xabari bo‘lgan-bo‘lmagani aniq emas. Tahlilchilarning fikricha, guruh faoliyatining tugatilishi AQSHning Yevropadagi ittifoqchilari orasida Vashingtonning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasidagi qat’iyati borasida xavotirlarni kuchaytirishi mumkin.

Guruh a’zolari Rossiyaga tovar oqimini cheklash va undan energiya tashuvchilar eksportini susaytirish maqsadida sobiq sovet respublikalari hamda Sharqiy Yevropa va Osiyodagi boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish variantlarini muhokama qilgan. Takliflar iqtisodiy bitimlardan tortib, maxfiy operatsiyalargacha bo‘lgan choralarni o‘z ichiga olgan. “Reuters” manbasiga ko‘ra, hatto Qozog‘istonni sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi faolroq kurashga undaydigan rag‘batlar yaratish masalasi ham muhokama qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing