AQSHning Iroqdagi harbiy bazasi raketa hujumiga uchradi

Olam

image

Iroqda bugun, 1 oktyabr kuni ertalab Bag‘dod aeroporti yaqinida joylashgan AQSHning G‘alaba harbiy bazasi uchta raketa bilan hujumga uchradi. Bu haqda xavfsizlik doiralaridagi manbalarga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlaridan birining aytishicha, ikkita raketa bazaning mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan, uchinchisi esa terrorizmga qarshi kurash qo‘mondonligi shtab-kvartirasi yaqinida qulagan. Yana bir manba bu ma’lumotni tasdiqlab, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagani va raketalar aviatsiya harakatiga ta’sir qilmaganiga aniqlik kiritdi.

AFP ta’kidlashicha, 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuvining yangi bosqichi fonida Iroqdagi AQSH kuchlari tomonidan foydalaniladigan bazalarga hujumlar tez-tez uchragan. Ayni paytda Iroqda 2500 ga yaqin amerikalik askar joylashgan, yana 900 nafar amerikalik harbiy esa Suriyada xizmat qilmoqda.

“10 yil oldin Qo‘shma Shtatlar Iroq va Suriyaning uchdan bir qismini bir necha oylar davomida bosib olgan va u yerda dahshatli zo‘ravonlik va shafqatsizlik kampaniyasini olib borgan ISHID terrorchi guruhga qarshi kurashish uchun global koalitsiyani safarbar qildi”, deydi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken kecha, 30 sentyabr kuni Vashingtonda so‘zlagan nutqida.

AQSH Davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, 2014 yilda boshlangan Inherent Resolve harbiy amaliyoti Iroqda 2025 yil sentyabrigacha yakunlanadi.

“Ushbu davrda Qo‘shma Shtatlar Iroq bilan hamkorlikda xavfsizlik bo‘yicha sheriklik va hamkorlikni saqlab qolish va kengaytirish imkonini beradigan ikki tomonlama xavfsizlik choralarini kelishib oladi”, deydi u.

Blinkenga ko‘ra, 2024 yil sentyabrida AQSH maxsus kuchlari Suriyada ISHIDning bir necha yuqori martabali yetakchilarini yo‘q qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Iroq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing