AQSHning Eronga zarbalari fonida neft narxi qimmatladi

Olam

image

AQSH tomonidan Erondagi ob’ektlarga uyushtirilgan zarbalar fonida neft bozorida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, neft narxining oshishi so‘nggi marta yanvar oyida kuzatilgan. Brent nefti fyucherslari 23 iyun holatiga ko‘ra, 1 barrel uchun 1,52 dollarga yoki 1,97 foizga oshib, 78,53 dollarni tashkil etgan. AQSHning West Texas Intermediate nefti esa 1,51 dollarga yoki 2,04 foizga ko‘tarilib, 75,35 dollarga baholanmoqda. 

“Bloomberg” tahliliga ko‘ra, neft narxidagi bunday keskin o‘zgarishlar Hormuz bo‘g‘ozidagi ehtimoliy uzilishlar bilan bog‘liq. Bu bo‘g‘oz dunyodagi eng muhim neft va gaz transport arteriyasi hisoblanadi va undagi har qanday uzilish global narxlarda keskin sakrashga olib kelishi mumkin.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining bayonotiga ko‘ra, mamlakat har qanday javob choralari variantlarini o‘zida saqlab qoladi. Biroq hozircha global neft oqimida real uzilishlar yuz bermagan. 

Mutaxassislarning fikricha, bozorlar Erondan keyingi qadamlarga juda bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Agar Eron AQSHga qarshi harbiy yoki iqtisodiy choralarni boshlasagina, narxlardagi o‘zgarishlar keskinlashadi.

Yana bir muhim xavotir shundaki, Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar global inflyatsiyani tezlashtirishi mumkin, bu esa foiz stavkalarini qisqa muddatda tushirish ehtimolini kamaytiradi.

Ma’lumot uchun, joriy yil iyun oyining boshidan buyon neft narxlari o‘sishda davom etmoqda. 13 iyun kuni Isroil tomonidan Eron hududiga hujum boshlangach, narxlar keskin oshgan, ammo keyinchalik biroz barqarorlashgan edi. “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, 19 iyun kuni Brent markali neft narxi 1 barrel uchun 79,04 dollarga yetib, oxirgi besh oydagi eng yuqori darajaga chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning harbiy rasmiylari Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozini yopish tahdidi ro‘yobga chiqadigan bo‘lsa, qanday choralar ko‘rilishini ko‘zda tutuvchi reja ustida ishlayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing