AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha vakili Norov bilan kelishib oldi
Jamiyat
−
27 may 2022
7271Amerika O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, afg‘on xalqiga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha yuritilayotgan siyosatni yuqori baholamoqda. Bu haqda bugun, 27 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norovning AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Tomas Vest bilan uchrashuvida so‘z bordi.
Tomonlar afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va tizimlashtirish zarurligini qayd etgan. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini yetkazib berishda Termiz shahrida yaratilgan ko‘p funksiyali transport-logistika xabi imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi ta’kidlangan.
Afg‘onistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, inson huquqlariga amal qilish, ayollarning asosiy erkinliklari, shu jumladan ularning ta’lim olishlari, harakatlanishlari, jamiyat hayotida teng asosda ishtirok etishlari bo‘yicha dunyo hamjamiyatining talablarini bajarishi masalasida yondashuvlarning o‘xshashligi qayd etilgan.
Afg‘oniston zamini boshqa hech qachon turli xalqaro terrorchilarning boshpanasiga aylanib qolmasligi, mintaqa davlatlari va uchinchi mamlakatlar uchun xavf tug‘dirmasligi kerakligi alohida urg‘ulangan.
Afg‘oniston milliy iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, mamlakatda energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida loyihalarni amalga oshirish masalalariga kompleks yondashuvni ishlab chiqish muhimligi e’tirof etilgan.
LiveBarchasi