AQSHning harakatlari ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas – Zaxarova
Olam
−
11 Oktabr 2022
6654AQSHning Ukrainada tinchlik o‘rnatish haqidagi yolg‘on chaqiriqlari ikkiyuzlamachilik va uning maqsadi Rossiyani "strategik mag‘lubiyatga uchratish"dan boshqa narsa emas. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova shunday bayonot bilan chiqdi, deb xabar bermoqda TASS.
Bu bayonot AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining izohlariga javoban yangradi.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati qarama-qarshi signallarni yuborishda davom etmoqda. Xususan, Rossiyaning yadroviy tahdidi haqidagi taxminlar AQSH Ukrainadagi mojaroning tinch yo‘l bilan tezda hal qilinishidan manfaatdor ekanligi borasidagi kafolatlar bilan aralashib ketgan.
Shu munosabat bilan Zaxarova Kirbining ABC telekanaliga bergan intervyusida AQSH Ukrainadagi mojaroning diplomatik yo‘llar bilan tezda hal etilishini istashi haqidagi bayonotini keltirib o‘tdi. Kirbining ta’kidlashicha, Rossiya muzokaralar boshlanishiga to‘sqinlik qilmoqda va bunga tayyor ekanligi haqida hech qanday ishora bergani yo‘q.
“Aytgancha, Qrim ko‘prigidagi terakt haqida izoh berishdan bosh tortgan Milliy xavfsizlik kengashi vakili Amerikaning yetakchi telekanallaridan biriga bergan intervyusida “Rossiya tinchlik muzokaralarining boshlanishiga” to‘sqinlik qilayotganini aytdi. Bunday ritorika fashistparast Ukraina rejimiga yirik miqyosdagi qurol-yarog‘ yetkazib berish kontekstida aytilmoqda, Vashington buni to‘xtatishni xayoliga ham keltirmayotganga o‘xshaydi.
Tinchlikka bo‘lgan bu yolg‘on chaqiriqlar ortida ikkiyuzlamachilik va bizni “strategik mag‘lub qilish” uchun yanada ko‘proq jang qilishga urinishdan boshqa narsa yo‘q”, deydi Zaxarova.
Matbuot kotibining aytishicha, Rossiya o‘z maqsadlariga erishadi va har doim diplomatiya uchun ochiq va buning shartlari hammaga ma’lum.
“Vashington ukrainaliklar tomonidan sodir etilgan terrorchilik xurujlariga to‘sqinlik qilmasdan uni rag‘batlantirib, Kiyevning jangovar harakatlarini qanchalik uzoq davom ettirsa, vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish shunchalik muammoli bo‘ladi”, deya so‘zini yakunladi Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bugun, 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarida, jumladan Dnepr viloyati, Odessa va Xarkovda ertalab bir qator portlashlar sodir bo‘ldi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 14 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan. Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
Musulmon Ziyo
LiveBarchasi