AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarildi
Olam
−
04 mart
8658Kecha, 3 mart kuni AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi. Bu haqda UzReport telekanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga qaytarilganlarning ko‘pchiligi Meksika orqali Amerikaga o‘tgan. Shuningdek, bir qancha boshqa davlatlar orqali borgan fuqarolar ham bor. Ular AQSH hududiga kirgunicha turli qiyinchiliklarga duch kelgan.
"Bagajimni yo‘qotib, to‘satdan Madridga uchganman. Ushbu shaharda bilet yo‘qolib qolib, 14 kun davomida 400 ta o‘zbek Madridda "xor bo‘lgan". Shu yerdan Turkiyaga deport qilinganmiz. Keyinchalik Gvatemalaga bordik va yana harakat qilib ko‘rdik. 2 marta chegaradan qaytarilib, immigratsion joyda 2 sutka yotganman. Venesuela fuqarolari bilan "peshkom" 3 kun yurganmiz. U yerda ham qochdik, yurdik, o‘liklarni ham, hamma narsani ko‘rdik. Maslahat bermayman, Amerika shunchaki reklama. 10 ming AQSH dollariga yaqin pulim ketdi. Iyulda uyimdan chiqqan bo‘lsam, avgust oyida men ushbu davlatga yetib bordim. Lekin ishlay olmadim. Pul sarflab, sarflab qaytdik. Bormoqchi bo‘lganlarga maslahatim bormanglar. Bu shunchaki reklama. Kasallik orttirib qaytasiz. Hammasi yolg‘on", deya ta’kidlaydi mamlakatga qaytarilganlardan biri.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi noqonuniy yo‘llar, xususan Meksika chegarasi orqali AQSH chegarasini bosib kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqib, ular qo‘yib yuborilmasligi, aksincha, immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanishini ma’lum qilgandi. “Fox News” telekanali esa AQSH chegara xizmatidagi manbaga tayanib, 18 dekabr kuni Meksikadan bir kun ichida rekord darajada ko‘p (12,6 mingdan ortiq) odam AQSH bilan chegarani kesib o‘tishga uringanini xabar qilgandi. 20 dekabrda AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarildi.
Oldinroq “Daily Mail” nashri Markaziy Osiyo davlatlaridan 2023 yilda 50 mingdan ortiq odam AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani, 17 ming o‘zbekistonlik AQSHda boshpana berish bo‘yicha sud jarayonini kutayotganini xabar qildi.