AQSHga Isayas dovuli yopirildi. Qurbonlar bor
Olam
−
15:31 425 2 daqiqa
AQSHning Florida shtati qirg‘oqlariga Isayas dovuli yetib kelishi oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘ldi, yana 670 mingga yaqin odam elektr energiyasisiz qoldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
.png)
Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lganlarning ikki nafari uylar ustiga daraxt qulash oqibatida vafot etgan. Dovul kecha, 10 oktyabr kuni qirg‘oqqa yetib kelgan. U kuchsizlanib, tropik xususiyatlarini yo‘qotgan bo‘lsa-da, AQSHning janubi-sharqiy hududlarida kuchli shamol, suv toshqini va tornado xavfi saqlanib qolmoqda.
.png)
Elektr ta’minotidagi uzilishlar Florida, Alabama, Jorjiya va Missisipi shtatlarida kuzatilgan. PowerOutage.us monitoring xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 10 oktyabr kuni tush paytida Florida shtatida 420 mingga yaqin, Alabamada 190 ming, Jorjiyada 43 ming va Missisipida 17 ming iste’molchi elektrsiz qolgan.

Florida gubernatori Ron Desantisning aytishicha, dovul qirg‘oqqa yetib kelganidan ko‘p o‘tmay qidiruv-qutqaruv ishlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushmagan. Biroq u dovuldan keyingi xavflar saqlanib qolayotganini ta’kidlagan. Elektr ta’minotini tiklash uchun 16 ming nafar mutaxassis ishga tayyorlangan.
Dovul oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Ayrim avtomobil yo‘llari va ko‘priklar qayta ochilgan, aeroportlar faoliyati tiklana boshlagan. Biroq Alabama shtatining Xyuston okrugida qulagan daraxtlar va uzilgan elektr simlari sabab barcha yo‘llar vaqtincha yopilgan. Hududda suv toshqini xavfi ham e’lon qilingan.
Isayas dovuli Florida qirg‘oqlariga yetib kelganida ikkinchi toifadagi dovul bo‘lgan. U 2026 yilgi Atlantika dovullari mavsumining birinchi dovuli hisoblanadi.
Dovul AQSHning Meksika ko‘rfazidagi neft va gaz qazib olish faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Shell kompaniyasi ko‘rfazdagi Mars, Olympus, Ursa, Vito va Appomattox konlariga xodimlarini qaytarishni boshlagan. Chevron esa platformalarga xodimlarni qaytarish va ishlab chiqarishni to‘liq tiklash choralarini ko‘rmoqda. Bu ishlar yakshanba kunigacha davom etishi kutilmoqda.
AQSH Dengiz minerallari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 10 oktyabr kuni Meksika ko‘rfazida neft qazib olishning 69 foizi va tabiiy gaz ishlab chiqarishning 57 foizi to‘xtab qolgan. Shuningdek, 113 ta qazib olish platformasi, ya’ni ularning qariyb 30 foizi xodimlardan bo‘shatilgan.
Dovul sabab energiya ta’minotidagi uzilishlarni yumshatish uchun AQSH Energetika vazirligi Strategik neft zaxirasidan 4 million barrelgacha xom neft chiqarishga ruxsat bergan.
Florida shtatining Pensakola shahrida ichimlik suvi ta’minotida muammolar yuzaga kelgan. Dovul shahardagi aeroportga ham zarar yetkazgan va u tijoriy reyslar uchun noma’lum muddatga yopilgan. Bundan tashqari, Tinch okeanida harakatlanayotgan Reychel dovuli Kaliforniyada yana 7 mingga yaqin odamning elektrsiz qolishiga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning janubiy Okinava prefekturasiga “Delfin” tayfuni yetib kelishi oqibatida 6 kishi jarohatlanib, 50 mingdan ortiq xonadon va bino elektr ta’minotidan uzilgandi.
Live
Barchasi