AQSHdan yana 72 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi

Jamiyat

image

Amerika Qo‘shma Shtatlarida qolish uchun qonuniy ruxsatga ega bo‘lmagan 72 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
 
Qayd etilishicha, bugun, 11 mart kuni Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga deportatsiya reysini amalga oshirib, mamlakatda qolish uchun qonuniy ruxsatga ega bo‘lmagan 72 nafar O‘zbekiston fuqarosini qaytarib yuborgan.

Ushbu parvoz Qo‘shma Shtatlarning o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari doirasidagi navbatdagi tadbirlaridan biri bo‘lgan.

“Prezident Tramp lavozimga kirishganidan buyon Qo‘shma Shtatlar noqonuniy immigratsiyaga chek qo‘yishga hamda o‘z chegaralari va fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan o‘z majburiyatlari doirasida 1000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar hududiga noqonuniy kirgan shaxslar qamoq jazosiga tortilishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi aytilgan. Qo‘shma Shtatlar AQSHning deportatsiya tadbirlarini o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘zining chuqur minnatdorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida ham AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan 44 kishi O‘zbekistonga qaytarilgandi. Undan oldin, 2025 yilning aprel oyida ham AQSH hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolari charter reys orqali ortga qaytarilgandi. Mazkur amaliyot doirasida Nyu-York–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etildi. AQSH mazkur amaliyotni tarixiy deb atab, O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi. 2025 yilning sentyabr oyida ham 39 nafar O‘zbekiston fuqarosi AQSHdan deportatsiya qilingani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston deportatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing