AQSHdagi aviahalokat: 30 nafar yo‘lovchining jasadi daryodan chiqarildi
Olam
−
30 yanvar 5064 2 daqiqa
AQSHning Vashington shahridagi Ronald Reygan aeroporti osmonida yo‘lovchi samolyoti Bombardier CRJ700 harbiy vertolyot Sikorsky H-60 bilan to‘qnashuv oqibatida daryoga quladi. Hozirgacha samolyot bortida bo‘lgan 64 kishi va vertolyotning 3 nafar ekipaji a’zolaridan 30 nafarining jasadi suvdan chiqarilgan. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Vashington Yong‘in va tez tibbiy yordam xizmati rahbari Jon Donnelli hodisadan keyin tirik qolganlar bo‘lishi ehtimolini rad etgan.

“Biz bu fojiali halokatdan so‘ng tirik qolganlar bor deb o‘ylamaymiz, ammo biz samolyotdan 27 kishini va vertolyotdan bitta jasadni chiqarib oldik”, dedi Donnelli.
Keyinchalik Potomak daryosidan jami 30 ta jasad chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Halokat chog‘ida samolyot uch qismga bo‘linib ketgan. Yo‘lovchi samolyotida figurali uchish sportchilari va ularning murabbiylari bo‘lgan. U Reygan xalqaro aeroportining 33-uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘nayotgan vaqtda harbiy vertolyot bilan to‘qnashgan. Samolyot bortida 60 yo‘lovchi va 3-4 ekipaj a’zosi, vertolyotda esa 3 ekipaj a’zosi bo‘lgan.

OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda 1994 yilgi jahon chempionlari Yevgeniya Shishkova va Vadim Naumov ham bo‘lgan.

Halokatdan keyin qutqaruvchilar voqea joyiga 10 daqiqa ichida yetib borgan. Hozirda qutqaruv operatsiyasiga 300 dan ortiq kishi jalb etilgan. Ularning ayrimlari qayiqlarda yordam bermoqda, boshqalari esa suvga sho‘ng‘ib, jasadlarni qidirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu fojiali aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga ta’ziya maktubi yo‘llagan edi.
Live
Barchasi